Muhabbatsiz, do‘stsiz hayot mamotdir
Har bir xalqning tarixiy taqdirida o‘sha xalqning timsoliga aylangan, uning g‘oyaviy qarashlarini ifoda etuvchi buyuk timsollari, mutafakkirlari bo‘ladi. Qozoq xalqi tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda Abay (Ibrohim) Qo‘nonboyevning nomi mag‘rur jaranglaydi. U qozoq xalqining chinakam oqini, mutafakkiri, buyuk o‘lanchisidir.
Uch yuzdan ziyod she’riy asarlarning muallifi bo‘lgan, bir necha badiiy asarlarning tarjimoni sifatida ham muhim va muqim o‘rin tutadi u. Chunki u o‘z xalqining buyuk mutafakkiri sifatida ulug‘vor ishlarni amalga oshirgan adib. O‘zbek xalqining ijtimoiy ongi va badiiyat tafakkurida Alisher Navoiyning qanchalik o‘rni bo‘lgan bo‘lsa, qozoq xalqi uchun Abay ham shu darajada ardoqlidir.
Teran tomirlari tutash bo‘lgan ikki xalqning do‘stligi Abay ijodida ham o‘zining yorqin ifodasini topgan. Abay ijodini kuzatgan kishi uning uch chashma, uch manbadan suv ichib, nur emganini biladi.
Birinchisi qozoq xalqining og‘zaki ijodiyoti, ya’ni folklori, ikkinchisi sharq mumtoz adabiyotining yirik namoyandalari ijodiyotidan oziqlanish bo‘lsa, uchinchisi esa rus va Yevropa adabiyoti namoyandalarining asarlarini tarjima qilib, hamkorlik va do‘stlik rishtasini mustahkamlaganligidir. U muqaddas tutgan tushunchalar qadrulabad tuyg‘ular ichida do‘stlik va muhabbat tushunchasi alohida o‘rin tutadi.
«Muhabbatsiz, do‘stliksiz hayot bo‘lmaydi». Demak, ularsiz hayot bamisoli mamotdir. Jon tomirlari va qon tomirlari bir bo‘lgan o‘zbek va qozoq xalqlarining qarashlari, hayot tarzida umumiylik bor.
Navoiy hazratlari ishq ta’rifida «Bo‘lmasa ishq ikki jahon bo‘lmasun, ikki jahon demaki, jon bo‘lmasun» deb yozadi. Sevgi, muhabbat, ishq tushunchalarida birmuncha ma’no farqlanishlari bo‘lsa-da, Abay ham hayotning muhim mezoni sifatida ana shu tuyg‘uga e’tibor qiladi. U yuqorida ta’kidlaganimizdek, muhabbat tushunchasini do‘stlik tuyg‘usi bilan vobasta ko‘radi.
Navoiy hikmatlaridan birida «neki narsa ko‘zga marg‘ubdur ko‘ngilga mahbubdir» deyiladi. Demak, insondagi bu tuyg‘u qalblarni bir-biriga bog‘lash orqali amalga oshiriladi. Muhabbat ummoniga kirgan, ishq girdobiga tushgan kimsa aqlu hushdan begona bo‘lib, ko‘z basir, qulog‘i kar holatga keladi. Bu tuyg‘u Abay ijodida ham o‘ziga xos shaklda ifodasini topgan.
Sevgi tili – so‘zsiz til,
Ko‘z bilan ko‘r, dildan bil.
Bir qarash yo bir imo –
Yetar... Bog‘lanar ko‘ngil!
Navoiyning nuqtai nazariga mos-xos holdagi fikrni Abay sodda, xalqchil tilda ifoda etgan. Bu o‘rinda bandaning bandaga muhabbati emas, balki yaralganning Yaratganga ishqi yuqori tuyg‘u sifatida ifodalanyapti. Haq so‘zni aytish bobida Abay yuqori darajada turadi, hatto, uni o‘qitgan, unga ta’lim bergan otasiga ham ba’zi masalalarda qarshi fikrlarni ifodalash holati mavjud. Uning bu holati bir rivoyatni yodga soladi. Emishki, bir donishmandning shogirdi qaysar, hamisha haq gapni aytadigan bo‘ladi. Ustozini ham ayab o‘tirmasdi. Odamlar unga «seni shu darajaga yetishishinga uning ta’limiy, tarbiyaviy mehri sabab bo‘lmaganmi, nega sen uni dilini ranjitib, "unday emas, bunday deyaverasan", deganlarida, "to‘g‘ri, ustozim meni shu darajaga yetkazdi, unga shubha yo‘q, hurmat qilaman, u ulug‘ inson, lekin nima qilayki, haqiqat undan ham ulug‘", deb javob bergan ekan. Shuning uchun ham Abayning o‘zi va o‘zga haqidagi haqiqatni talab etishi bejiz emasligini bildiradi.
Men haqimda so‘ylasang, rostin so‘yla.
Men taqir yerda o‘sdim va bir o‘zim
Mingta bilan olishdim, buni o‘yla!
Xuddi shunday Abay bilan taqdirdosh ma’rifatparvar adiblardan biri mavlono Muqimiy «Gar qilich kelsa-da, boshimga degayman rostin» degan xitoblarini endilikda anglash mumkin.
Demak, xaqparvar va xalqparvar bo‘lgani uchun ham ularning hayoti silliq kechmagan. Chunki Abay kabi donishmand voizlar o‘zim deb, so‘zim deb tizim va tuzum dushmanlari bilan olishgan. Ular haqiqat egilishi-bukilishi mumkin, lekin aslo sinmasligiga chin dildan ishonganlar. U insonning o‘zligi uchun ko‘zgu uning so‘zligi ekanligini e’tirof etadi. Shu tobda xalqimizning «O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar», degan maqoli yodga keladi. Navoiy hazratlarining «So‘zchi holiga boqma, so‘z holiga boq» degan purma’no hikmati ham shu fikrni tasdiqlaydi. Inson kamolotida ta’lim va tarbiya tushunchalari omixta tarzda keladi. Ta’limning kaliti nutq bilan, tarbiyaning kaliti xulq bilan ekanini muloqot va muomala jarayonida nutqiy va xulqiy madaniyat zarur bo‘lishini Abay yaxshi his etgan.
Aql kerak, soz ish kerak, xushxulq kerak,
Er uyalar ishni qilsa, bo‘lmay ziyrak.
Shilta, shilqim, asli tagi lo‘ttibozga
Sadoqatli do‘st topilgay juda siyrak.
Birinchidan, inson uchun aql, ikkinchidan, munosib kasb-hunar, uchinchidan, xushmuomalalik zarur, aks holda, hayotda o‘rni, obro‘si, mavqe va martabasi bo‘lmaydi, demoqchi adib.
Boshqa bir shoirning:
«Hayot, bu – aslida borliq, tiriklik,
G‘am hamda shodlikka bo‘lgan sheriklik,
Do‘stingning dardiga malham bo‘lmasang,
Aytilarmi, bunday hayot keraklik», degan hikmati bor.
Demak, baxt birdamlik va hamkorlikda, bir-biroviga kerak bo‘lib yashashlikda. Mana, Abayning nazmiy da’vati va davlati.
Odamzod tiriklikni davlat bilsin,
Aql topsin, mol topsin, halol yursin.
Abayning ushbu o‘giti uning butun ijodiyotiga, adabiy merosiga muhr bo‘la oladi. Oqillik, sarvatmandlik va halollik jo bo‘lgan qalbda iymon va e’tiqod mujassam bo‘ladi, degan hukm bor unda. Uning «Ilm topmay, maqtanma», «Qalbingda o‘ting bo‘lsa», «Yoshlikdan bilim izla» degan she’rlarida ham xuddi shu ruh hukmron ekani bilan ahamiyatlidir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, ikki xalqning do‘stligini ifoda etadigan abadiyatga muhrlangan Abayning ijodi bevosita xalqimizning orzu-umidlari va maqsad intilishlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Shuning uchun ham joriy yilning 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Президентининг "Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi. Bu qarorda tarixiy ildizlari tutash xalqlarning rivojlanish bosqichlarida har tomonlama birdamlik va hamkorlikka da’vat talabi bor. Pirovard maqsadlarni amalga oshirishda esa hammaslaklik va hamkorlik hamisha muhim mezon bo‘la oladi. Bu esa taraqqiyotga kafolat demakdir.
Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» milliy tadqiqot universiteti professori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi