Muhabbat bilan bunyod
“Kim ekan bu oy yuzli, Qaddi raso, kun koʻzli?
KOʻZGUDAGI QIZ
“Kim ekan bu oy yuzli,
Qaddi raso, kun koʻzli?
Tiniq ikki yonogʻi –
Ikki lola yaprogʻi.
Lablari-kugulgʻuncha,
Qoshlari baroq buncha?
Qoshlari baroqligi –
Koʻngli uning oqligi.
Qiz bola qosh termaydi,
Gap-soʻzga yoʻl bermaydi.
Qiz bolaning libosi –
Hayosiyu ibosi.
“Toʻgʻrimi?”,degan edi,
U ham“Toʻgʻrimi?” dedi.
Yaxshi ekan, shubhasiz,
Oʻsha koʻzgudagi qiz.
Muhabbat boqdi kulib,
Soʻng noz ila tikilib,
Ismingizni bilaman,
Devdi, u ham shu bilan,
Bilishin bayon etdi,
Kimligin ayon etdi.
Soʻng Muhabbat dil yona,
Dedi: “Tingla,dugona,
Koʻrganimdan aytayin,
Yuragimdan aytayin”.
SHAJARA
“Yunusobod dahasi qadim,
Shu dahada oʻsib-ulgʻaydim.
Mustaqillik davri qiziman,
Erkin ruhning yorugʻ yuziman.
Oktyabrning yigirma biri
Men tugʻilgan kun. Shundan beri
Yuragimda aslo oʻchmas iz,
Tili uzun bu men oʻsha qiz.
Onam–dilda pok kalimasi,
Adabiyot muallimasi.
Quruvchilikkasbiga ixlos
Qoʻyib,otam roʻzgʻor boqar, rost.
Oqtepadayashagan bobom
Oʻsmir chogʻi doʻstlari bilan
Shu joylarda qoʻy boqib yurgan,
Oʻqqa uchgan mardlarni koʻrgan.
Otam asl tarixni bilib,
Ulgʻayarkan fikri toʻq boʻlib.
Bobom “Tarixgʻam-dardga toʻla,
Bir kasb tanla tarixdan boʻlak,
Bir kun kelib bilasan, degan,
Ke qoʻy, meʼmor boʻlasan,degan.
Tikka qolar qurganning ishi,
Eksa, qursa oʻlmaydi kishi”.
U choqlarda tarixdan toʻgʻri
Soʻz ochganning qurigan shoʻri.
Asli osmon oltinmulkimiz –
Yulduzlarga yetgan ilkimiz.
Arablarga arab tilida
Dars berganmiz oʻsgan elida.
Amriqoni kashf etib qoʻyib,
Tarixga zarb etganmiz oʻyib.
Amir Temuradolat uchun,
Nomardlardan olgan xalq oʻchin.
Ruhiy qudrat,aql-iroda
Yarogʻdan ham keskir aslida.
Choʻqqing boʻlsa,yuksakdan turib,
Soʻz aytmogʻing lozim qad kerib.
Koʻtarilar bir kuni tuman,
Tushirolmas hech kim choʻqqidan.
Kimning butun boʻlsa imoni,
Soʻz aytmoqning kelar zamoni.
Derlar, qizga otaning aqli
Va onaning atvori haqli.
Men endi farzandlik holima,
Boʻlgayman tarixchi olima.
Koʻzgudagi ey sen,dugona,
Bizning zamonadir zamona”.
Shu joyda bitdi gap xonasi,
Chorlab ovoz berdi onasi.
YOʻLLAR
Hayot dongʻil yoʻldan iborat,
Yurtga safar –buyuk ibodat.
Chumolilar safi singari,
Yoʻl yetaklar maqsadlar sari,
Ilm yoʻli – qor-qirovli yoʻl,
Zavol bilmas, or sinovli yoʻl.
Barcha yoʻllar Kaʼbaga yoʻllar,
Haq qoshida tavbaga yoʻllar.
Koʻngilga yoʻl bormasa yetib,
Unutilar butkul vaqt oʻtib.
Oʻz idroking nashʼasida boʻl,
Oson etar har mushkulni yoʻl.
Eng ulugʻ yoʻl –muhabbat yoʻli,
Eng ulugʻ el –muhabbat eli.
Bitta yoʻldan ketar oshiqlar,
Murodiga yetar oshiqlar.
Eng toʻgʻri yoʻlHaq yoʻli, biroq
Tinmay chalar boqiy qoʻngʻiroq.
Haq yoʻlidan adashgan qancha,
Oʻz yoʻlin haq atashgan qancha.
Goh tubanga boshlaguvchi –yoʻl,
Inson koʻzin yoshlaguvchi –yoʻl.
To qachonki yoʻllar birlashar, –
Quchoq ochib ellar birlashar.
Yoʻl ochganni Tangri ham qoʻllar.
Aziz bilib shafoat yoʻllar.
Yoʻl qurganning oʻchmaydi nomi,
Soʻnmas aslo el ehtiromi.
* * *
Kim tutgay siyosat yoʻlini mahkam,
Tutar yoʻrigʻida boshqalarni ham.
Kim faqat manfaat yoʻlini ushlar,
Nonni boshqalardankattaroq tishlar.
Kim manglay terini toʻkajak yoʻlga,
Kim oʻsha oʻljani kiritgay qoʻlga.
Kim ochar eliga har qadamda yoʻl,
El tutar har lahza saodatga qoʻl.
DONISHKOʻCHA
Shom quyilgan lahzalarda
Ahmad Donish koʻchasi,
Duru gavhar sochilganday
Porlab ketar kechasi.
Uylarining derazasi
Katta yoʻlgaqaragan.
Yoʻl yoqasi ikki tomon
Koʻm-koʻk archa, qaragʻay.
Avvallari yoʻl oʻrtasi
Siyrak daraxt, ikki yoq,
Moshin yoʻli edi bir nav,
Pastu baland, noboproq.
“– Qarang, – dedi derazaga
Yaqin kelib Muhabbat, –
Koʻz quvnaydi, yayraydi dil,
Qiyosi yoʻq.Mahobat!”
Ota-ona, qiz uchchovlon
Havas bilan boqdilar.
Yuraklarga solib olov,
Gurungga oʻt yoqdilar:
– Bamisoli qora daryo,
Yoyiq, olti tasmali.
Nur sochilib yotar har yon,
Hovuch-hovuchdur, laʼli.
Koʻngling tusab,ertayu kech
Kezar boʻlsang piyoda,
Horish nima, bilmassan hech,
Zavqing boʻlar ziyoda.
– Ota,qarang, katta yoʻlning
Har ikki yon boʻlagi –
Alohida,boshdan-oxir
Valasapid yoʻlagi.
Oyi, ne ish buyursangiz,
Hammasiga koʻnaman.
Qoʻshni qizlar bilan men ham
Valasapid minaman.
– Aylanayin, bolajonim,
Roziman har ishingdan,
Doim zamon oldida boʻl,
Qolma tengu toʻshingdan.
Shunday deya lablaridan
Duru gavhar sochdilar.
Soʻng charogʻon koʻngil ila
Duoga qoʻl ochdilar:
– Mehring ortar koʻrgan sari,
El obod, yurt bogʻ boʻlsin.
Qoʻli tekkan borki, bari
Omon boʻlsin, sogʻ boʻlsin!
XALQ ROZI,
XUDO ROZI
Erur sen shoh, agar ogoh sen-sen,
Agar ogoh sen-sen, shoh sen-sen.
Ulugʻ Navoiydan meros ushbu dur,
Necha asrlarniziynatlab kelur.
Xalq holidan kimki xabardor emas,
Xalq ham uni aslo sardorim demas.
Bu kun yangichadir toshu tarozi:
Xalqni rozi qilsang, Xudo ham rozi.
El koʻnglin eshigi Kaʼbaday ochiq,
Koʻngilga koʻngildan boʻlurlar oshiq.
Oshiq boʻlib borgan izzatin bilur,
Dastyori boʻlib el xizmatin qilur.
Kundan-kun shavkati oshgani rostdir,
Gʻaddor gʻanimlari shoshgani rostdir.
Koʻr boʻlsa koʻr koʻzning koʻngil koʻzi ham,
Dunyoda yoʻq bunchaogʻir oʻzigʻam.
Endi muddaoga tezroq qaytayin,
Saʼdiy Sheroziydan bir soʻz aytayin:
“Lochinni qargʻa deb tirgʻalsa zinhor,
Oʻzida ayb emas, koʻzida ayb bor”.
Qoʻyaver, nodonlar bilmasa-bilmas,
Yuz xachir yigʻilib, bitta ot boʻlmas.
Shu asno“Axborot” bongini chaldi,
Oila koʻz tikib,jam boʻlib oldi.
Birga hamroh etib qurgan nechani,
Yurtboshi aylanib yangi koʻchani,
Qoʻli koʻksidayu yuzda tabassum,
Shahar ahli sari yuzlandi bir zum.
Soʻng yoʻl oldi metro “Turkiston” sari,
Turkiston... muqaddas tarix daftari.
HAYOT SABOQLARI
Hayot porloq, goʻzal, ulugʻvor,
Xalq ichida erkin ruh kezar.
Ammo achchiq saboqlari bor,
Goh bagʻringni dard boʻlib ezar.
Nima uchun, bilmas Muhabbat,
Aytmaydiyuich-ichdan,biroq
Onasidan koʻra hamisha
Otasini koʻrar yaxshiroq.
Toʻgʻri, bundan oʻn yillar avval
Bir janjalli binoni qurib,
Aybsiz aybdor boʻlib,otasi
Besh-olti yil chiqdi oʻtirib.
Pulni taxlab bor boʻyi qadar,
Tushirdilar suratgahatto.
Rizqimizni qiyganlar shular,
Deya shov-shuv qildilar katta.
Soʻng adolat oftobi tushib,
Ishlar qayta koʻrib yoqlandi.
Boshqalarning bu ekan ishi,
Elga qaytdi, nomi oqlandi.
Otasining u tanti zotga
Shundan buyon hurmati baland.
Qaytdi yana joʻshqin hayotga,
Bino qurar zoʻr shiddat bilan.
Hasad bilan yashamoqogʻir,
Hasad boʻgʻar hamma narsani.
Otasi shu kishiga doxil,
Aytib bergan bir hodisani.
U mahallar navqiron sumbat,
Qop-qora soch, ancha yosh boʻlgan.
Chaqmoq koʻzli, qarchigʻay kelbat,
Bir tumanga unda bosh boʻlgan.
Shu manzildamunajjimolim,
Haykali qad koʻtarmish shoyon.
Bir kun oʻtib,boʻlar marosim,
Yuksak zotlar tashrifi ayon.
Oq matodan toza yopinchiq,
Yopdilaru haykal ustiga.
Koʻngillari xotirjam, tinchib,
Ketdilar uy-uyiga hamma.
Yarim tunda uyquni buzib,
Jiringladi telefon nosoz.
“Haykalingni borib koʻr turib,
Seni kutar boshsiz chavandoz”.
Va yangradi sovuqqahqaha,
Bu iblisning junbushi edi.
Yuragini oʻrtadi zaxa,
Hayhot, nima qiladi endi?
Yetib keldi otilib oʻqday,
Yopinchiqni koʻtardi shoshib.
“Tanasi”dan uzilgan edi,
Ulugʻ zotning tabarruk boshi.
Tun chodirin yigʻar hademay,
Uygʻonadi shahar ham, axir.
Kim boʻldi bu iblisga malay,
Bu ne oʻyin?Bu qanday makr?
Uzilgan bosh singari noxush,
Quyosh chiqib kelar qizarib.
Marosimga yigʻilarulus,
Bir nechasi turar boʻzarib:
“Hali-zamon tushar yopinchiq,
Xandon urmoq fursati yetar.
Bir kallani asray olmagan
Qanchasining kallasi ketar.”
Ulugʻ soʻzlar yangradi manzur,
Va ochildi haykalning yuzi.
Turar edi qad kerib magʻrur,
Yorugʻ yuzli munajjim oʻzi.
Shu tariqa, soatday ishlab,
Yuksak aqlchiqdi muzaffar.
Hasadgoʻylar qoldi mum tishlab,
Teran zehn oldida zaʼfar.
Asli, shahar bir chekkasida
Boshqa buyuk siymo haykali
Qolgan edi toʻzib-eskirib,
Yangilashning kelgandi gali.
Oʻsha holat boʻldiyu sabab,
Xijolatdan boʻldilar xalos.
Buyuklarning boshlari, ajab,
Bir-biriga kelar ekan mos.
Bronzadan quyilib haykal,
Keyin bari tushdi joyiga.
El qadami uzilmas, alhol,
Gul qoʻygali haykal poyiga.
Shuni aytib,otasi doim
Duo qilib soʻrar Oʻzidan:
Har bandani asra,iloyim,
Yomonlarning gapu soʻzidan!”
Shu asnoda qoʻl telefoni
Jiringladi. Muhabbat shu choq
“Bunyod” degan yozuvni koʻrib,
Xonasiga yoʻl oldi quvnoq.
KOʻZGUDAGI YIGIT
Ajab zamon,yoshlar bu kun
Imo qilur imodan.
Bir-biriga yoʻllar xabar,
Himo qilur imodan.
Koʻrib turar bir-birini
Oʻtirganday yonma-yon.
Qoʻrib turar bir-birini,
Insu jinsdan sogʻ-omon.
Bizning yoshlik zamonlarda
Yuz koʻrishmoq qaydaydi.
Borib qolsang akalari
Yov quvgandek haydaydi.
Javobini olmasak ham
Xat yozdik deb mast edik.
Texnik-pexnik masalada
Bulardan koʻp past edik.
Lekin, rosti, sogʻinchimiz
Aytmasak ham botinib,
Koʻksimizdan naq vulqonday
Chiqar edi otilib.
Xullas,Bunyod deganimiz
Yosh jurnalistning biri.
“OʻzAS” degan gazetaning
Chaqqongina muxbiri.
Suhbat qurib bir-ikki bor,
Muhabbatdan soʻz olgan.
Qatnayveribtakror-takror,
Koʻngliga ham yoʻl solgan.
Asli oʻzi Jizzax taraf,
Yo Forish, yo Zomindan.
Yelkasi keng,burgut sharaf,
Xullas, togʻli zamindan.
U dediki, shahrimizga
Media-tur boʻlarmish.
Kazo-kazo jurnalistlar
Yasov tortib kelarmish.
Men-ku kezib chiqdim kecha
Boshdan-oxir. Gʻaroyib.
Kezging kelar kezsang necha,
Qayda bundoq sharoit.
Muhabbat ham kelsa, juda
Ajoyib ish boʻlardi.
Yer ustining metrosida
Sayr qilib kelardi.
Ahd etdilar,Bunyod tutash
Qoshlarini chimirib,
Qildi ajib burgut qarash,
Oʻz ishidan semirib.
UCHQUR TULPOR AVLODI
Ertangi ajoyib tadbirni oʻylab,
Bunyodning koʻziga kelmadi uyqu.
...Yonida Muhabbat, qoʻlida qalam,
Nechogʻli baxtiyor yigit, axir, u.
Ertakka oʻxshaydi chindan bu hayot,
Shoʻngʻib yer ostiga, chiqasan birdan.
Ayt-chi, sening nima kaming bor,Bunyod,
Shonli bobolaring avliyo-pirdan.
Shoshilib yashagan odamzod doim,
Oʻziga hamisha izlagan hamroh.
Goh “Uchar gilam”da kezgan dunyoni,
Shamolni shoshiribot choptirgan goh.
Muhammad Mustafo Buroqni minib,
Koʻz yumib ochguncha meʼrojga chiqmish.
Koʻrsatur tafakkur sehr-kuchini,
Bugun samolyotlar qilayotgan ish.
Va lekin yer usti metrosi menga,
Boychibor, Gʻirotni eslatar koʻproq.
Balanddan boqasan yon-atrofingga,
Oyogʻing ostida yuksalganday togʻ.
Qadimda qalʼani qurshagan daryo,
Gul bergan shaharga, elga suv tutgan.
Yer usti metrosi, nazdimda,goʻyo
Oʻshal daryolarday kerakdir yurtga.
Deydilar, Seulda, Dubayda shundoq
Inshoot bor emish, Nur-sultonda ham.
Fikrni jam etib oʻylaylik bundoq,
“Bizniki!” degan soʻz qanday muhtasham.
Xalqni rizo etmak chin mohiyati,
Eng buyuk saxovat ona xalqqa bu.
Bu – davlat qudrati, yurt salohiyati,
Poytaxtni bezagan oltin halqa bu!
XOTIMA
Bir qarasam, yer ustida kezgandayman,
Bir qarasam, koʻkda parvoz etgandayman.
Yer ustida metrosin ham koʻrdik, shukr,
Barcha ezgu murodimga yetgandayman!
2020-yil 5-6-sentyabr
Saʼdulla HAKIM