Mudira: Menga tarbiyachining diplomi muhim emas
Faoliyatini bog‘chada tarbiyachilikdan boshlagan Muhabat Shaymardonova yillar o‘tib, bilim va tajribasi tufayli mudiralik vazifasiga erishdi.
Necha yildirki, mudiraning kun tartibi bir xil: har kuni erta tongdan ishga oshiqadi. Xonasiga chiqishdan oldin har bir guruh tarbiyalanuvchilaridan xabar oladi. Bog‘cha hamshirasi va tarbiyachilardan bog‘chaga kelgan va kelmagan tarbiyalanuvchilarning sog‘ligi haqida surishtiradi.
M.Shaymardonova rahbarlik qilayotgan 27-maktabgacha ta’lim muassasasi 180 o‘ringa moslashgan bo‘lib, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida joylashgan. Mazkur MTT to‘liq ta’mirdan chiqarilgan va zamonaviy talablarga javob beradi. bugungi kunda muassasada 180 nafar bola tarbiyalanmoqda.
U yerda sport, musiqa, rassomchilik va chet tilini o‘rgatish kabi to‘garaklar muntazam ishlaydi. O‘zA muxbiri mudira bilan bolalar psixologiyasi, tarbiyachilarga qo‘yilgan talablar, umuman, bog‘cha faoliyati xususida suhbatlashdi.
- Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi hisoblanadi, - deydi M.Shaymardonova. - U bolaning sog‘lom rivojlanishini ta’minlab, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini uyg‘otadi va tizimli o‘qitishga tayyorlab boradi. Maktabgacha ta’limning maqsadi – bolalarni maktabga tayyorlash. Muassasada turli muhitda tarbiya olgan, har xil fe’l -atvorga ega tarbiyalanuvchilar bor. Eng muhim va mas’uliyatli vazifa esa har bir bolaning ruhiyati bilan hisoblashish. Tarbiyachilarni ishga qabul qilishda, eng avvalo, ularning qo‘lidagi diplomiga emas, ularning bola haqidagi tasavvuri, hayotiy tajribasi va hatto tozalikka qay darajada amal qilishiga diqqatimni qarataman. Uning bu kabi xislatlarga ega bo‘lishi esa har qanday diplomdan muhim, deb hisoblayman.
Ma’lumki, har bir bolaga alohida e’tibor muhim. Tarbiyachilarga bolaga “Sening bugungi ishing yaxshi, ertaga bundan ham yaxshi bo‘ladi”, degan fikrni aytish yaxshi natijalar berishini deyarli har kuni ta’kidlayman. Chunki tarbiyaning bu yo‘li bolaning ruhiy va jismoniy salomatligini mustahkamlaydi, oldiga qo‘ygan maqsadi yo‘lida ichki va tashqi kelishmovchiliklarni kamaytiradi va o‘ziga bo‘lgan ishonchni ta’minlaydi. Faoliyatim davomida har-xil tushunchali ota-onalar bilan duch kelaman. Afsuski, ularning orasida maktabgacha ta’lim muassasalari va tarbiyachilarining faoliyatidan muntazam norozi bo‘lib yuradiganlari ham uchraydi. Shu o‘rinda ularga ham aytar so‘zim bor, avvalo, bir narsani unutmaylik, bola tarbiyalanadigan dargohga qadam bosgan nafaqat tarbiyachi, hatto tarbiyachi yordamchisidan tortib bog‘cha qorovuligacha bitta mas’uliyatni his qilishadi: har bir bolaning sog‘ligi, kun tartibi, uning har bir hatti-harakatiga bitta jamoa teng mas’ulmiz.
Bog‘chaning o‘z talablari, tizim, tartib va qoidalari mavjud. Bolalar asosan ota-onasi bilan emas , shu yerda tarbiyachi opalari nazoratida bo‘lishadi. Bolalarni o‘z farzandidan ortiqroq sevib, ardoqlaydi. Mashg‘ulot o‘tadi, ovqatlantiradi, uxlatadi, kiyintiradi, kuzatadi. Har bir bolaga to maktabga chiqquniga qadar, oddiydan murakkabga qarab kerakli bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatadi. Bir guruhda o‘rtacha 27-28 nafar tarbiyalanuvchi bor. Tarbiyachi har bir bolaning o‘z vaqtida ovqatini yeyishidan tortib, tengdoshlari bilan muloqotga kirishishigacha bosh qotiradi. Ishonch bilan ayta olamanki, o‘z malakalarini muntazam ravishda oshirib borayotgan tarbiyachilar pedagog sifatida ham ta’lim-tarbiyani o‘z o‘rniga qo‘yishni ham uddalamoqda.
Mamlakatimizda boshqa sohalar kabi maktabgacha ta’lim tizimi ham davlatimiz rahbarining e’tiboridan chetda qolmadi. Prezidentimizning ta’kidlashicha, maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi. Buning uchun oxirgi uch yilda ochilgan 14 mingta xususiy bog‘chaga qo‘shimcha ravishda 7 mingdan ziyod yangi bog‘cha tashkil etiladi. Bundan buyon Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘qitish va tarbiya sifatiga, mahalliy hokimliklar esa qurilish-ta’mirlash ishlariga javob beradi.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.