Muborak tumanida eksportchi korxonalar safi kengaymoqda
Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida Muborak gazni qayta ishlash zavodining mavjud imkoniyatlaridan unumli foydalanilishi natijasida hududda eksport hajmi ortdi.
Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida Muborak gazni qayta ishlash zavodining mavjud imkoniyatlaridan unumli foydalanilishi natijasida hududda eksport hajmi ortdi.
Jumladan, bir necha tadbirkorlik subyektlari zavoddan chiqadigan oltingugurt xomashyosini maydalab eksport qilishni yoʻlga qoʻydi. Ulardan biri “Gold chemical company” korxonasi boʻlib, joriy yilning oʻtgan davrida 200 ming AQSH dollarilik eksportni amalga oshirdi.
- Bugun tadbirkorlarga imkoniyat keng, - deydi korxona rahbari Burxon Murodov. – Bugungi kungacha shartnoma boʻyicha 10 ming tonna mahsulot eksport qildik. Yil oxiriga qadar yana 10 ming tonna eksport qilishni moʻljallayapmiz.

Zavodning foydalanilmayotgan imkoniyatlaridan yana biri issiqlik manbai edi. Gap shundaki, ilgari “Muborak issiqlik elektr markazi” aksiyadorlik jamiyatidan zavodga par haydalar, qaytuvchi issiq suvdan esa unumli foydalanilmas edi. Ana shu ikkilamchi “issiq suv” liniyasidan samarali foydalanish maqsadida liniya atrofida 130 gektar yerda issiqxonalar tashkil etildi.
Mazkur issiqxonalarda pomidor-bodring mahsulotlari yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Mingdan ortiq ish oʻrni yaratildi. Joriy yilda issiqxonalarning oʻzidan 681 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Buning asosiy qismini amalga oshirgan ekspotyor korxona – “Siyob baraka” masʼuliyati cheklangan jamiyati aʼzolarining oʻzlari ham joriy yilda 2,2 gektar yerda issiqxona tashkil qilib, pomidor-bodring yetishtirmoqda. Jamiyat aʼzolari baravj rivojlanayotgan ekinlardan moʻl hosil olishni moʻljallagan.
– Ilgari faqat bu turdagi mahsulotlarni eksport qilish bilan shugʻullangan boʻlsak, endilikda oʻzimiz ham yetishtiryapmiz, - deydi MCHJ agronomi Akbar Jabborov. – Joriy yilda 75 tonna bodring va 100 tonna pomidor olishni maqsad qilganmiz va ushbu mahsulotlarning barchasi toʻliq eksportga yoʻnaltiriladi.

Darvoqe, tuman hokimligi, Bosh vazirning Muborak tumanidagi qabulxonasi va savdo-sanoat palatasi mutasaddilari tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, mavjud issiqxona maydonlarini qoʻshimcha ravishda 200 gektarga kengaytirish, 1600 ta yangi ish oʻrni yaratish maqsadida boyler qurilmalari qurish boʻyicha takliflar ishlab chiqmoqda.
Yana bir gap. Muborak tumani gʻalla yetishtirish bobida respublikamizda eng ilgʻor hududlardan hisoblanadi. Biroq shu paytgacha tumanda gʻallani qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona yoʻq edi. Kichik sanoat zonasidan “Kenjabek issiq noni” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nol qiymatida berilgan binoda bir kunda 45 tonna un ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Yosh tadbirkor Alijon Nurillayev qariyb 5 milliard soʻm mablagʻ evaziga zamonaviy ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirdi. U ishlab chiqarilgan mahsulotni aholiga arzon narxlarda sotish, bir qismini esa eksportga yoʻnaltirishni moʻljallab turibdi.
– Bugungi kun talabidan kelib chiqib asosiy eʼtiborni sifatli mahsulot ishlab chiqarishga qaratganmiz, – deydi korxona rahbari Alijon Nurillayev. – Maqsad aholini arzon va sifatli un mahsulotlari bilan taʼminlash. Bundan tashqari, qoʻshni Afgʻoniston davlatidagi tadbirkorlar bilan ham shartnoma tuzganmiz. Yil oxiriga qadar ushbu davlatga ham eksport qilishni boshlaymiz. Bir soʻz bilan aytganda, bugun muboraklik tadbirkorlar mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishning samarasi nechogʻli foydali boʻlishini oʻz intilishlari misolida yaqqol koʻrmoqda.
