Muborak hayit namozi ado etildi
Bugun, 2 may kuni erta tongda respublikamiz bo‘ylab barcha masjidlarda Ramazon hayiti namozi o‘qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Hayit namozini ado etish uchun yig‘ilgan namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi. Masjidga tutash ko‘chalar vaqtincha yopilib, namozxonlar uchun joylar ajratildi. Ichki ishlar, sog‘liqni saqlash va boshqa mutasaddi idoralar vakillari navbatchiligi tashkil etildi.
Masjidlarda Hayit namoziga yig‘ilgan barcha musulmonlar ushbu qutlug‘ va muqaddas bayram bilan qutlanib, tinch va osuda yurtda yashayotganimiz, xotirjam ibodatlar qilayotganimiz uchun yaratganga shukronalar aytildi. Shuningdek, Hayit bayrami fazilatlari borasida ma’ruza qilindi.
Xususan, Hayit bayrami tarixi, muqaddas islom dini buyurgan ibodatlar, O‘zbekistondagi islom dini rivoji, ma’naviy qadriyatlar yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, mamlakatdagi bugungi farovon hayotning mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Ramazon hayitini munosib nishonlash, bu kunni ulug‘ bayram sifatida yaxshi kayfiyatda o‘tkazish lozimligi tavsiya etildi.
Turizm va madaniy meros vazirligi, Transport vazirligi, joylardagi hokimliklar bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Ramazon hayit namozini mukammal ado etishi uchun erta tongdan transport xizmatini yo‘lga qo‘ydi.
Aholining mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarini tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlarni hozirladi.
Ayni paytda joylarda Ramazon hayiti munosabati bilan ulamolar, imom-xatiblar, faxriylar, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mutasaddi va saxovatpesha homiylar tomonidan saxovat tadbirlari doirasida kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Shuhrat Ne’matov,
O‘zA