Muborak ayyom ko‘ngillarni nurafshon etmoqda
Kishi qalbiga yo‘l mehr-muruvvat va saxovatdan boshlanadi.
Shu boisdan ham mamlakatimizda aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yakka-yolg‘iz, keksalar, bemorlar, nogironlarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish inson qadrini ulug‘lashning amaldagi ifodasi bo‘lmoqda.
Namangan viloyatida ham Qurbon hayiti arafasida xayrli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Chust tumani sektor rahbarlari tumanning Guliston va Kamarsada mahallalaridagi umumiy yotoqxona uylarida yashayotgan 134 nafar fuqarolar holidan xabar oldi. Ularga 7 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ehson tariqasida taqdim etildi.

Pop tumanining Kelachi qishlog‘ida saxovatga yo‘g‘rilgan yana bir ishga qo‘l urildi. Bunda bayram dasturxoni yozilib, hududda yashovchi yakka tartibda ta’lim oluvchi bolalarga, sport musobaqalarida salmoqli yutuqlarga erishgan yoshlarga, mahalla faollari va ko‘cha boshilarga sovg‘alar topshirildi.

–Mana shunday xayrli kunlarda har birimizning qalbimizda shukronalik tuyg‘usini, hayotdan rozilik hissini jo‘sh urishi shubhasiz, – dedi Pop tumani hokimi o‘rinbosari Zafarjon Arslonov. – Zero, osoyishtalik xalqimiz erishayotgan ulkan yutuq va marralar – bularning barchasi tinchlik sharofatidandir.
Norin tumanidagi “Oqshom” tantanalar majmuasida Qurbon hayiti munosabati bilan tumandagi barcha fermer xo‘jaligi dalalarida mehnat qilayotgan ikki yuzga yaqin mexanizatorlarni rag‘batlantirish maqsadida ularning har biriga 500 ming so‘mdan pul mukofoti va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. So‘zga chiqqanlar tumanda paxta va g‘alla hosildorligini yuqori darajaga ko‘tarishda fermer xo‘jaliklari ishchilari, shu jumladan, mexanizatorlarning munosib hissalari borligi alohida ta’kidlandi. “Bir piyola choy” dasturxoni atrofidagi gurung esa ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan zahmatkashlarning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shishi shubhasiz, albatta.

Kosonsoyda esa tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan nogironligi bo‘lgan, reabilitatsiya vositasiga muhtojligi bor, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi uch ayol zarur vositalar bilan ta’minlandi.
Bunday saxovat tadbirlari, hayit yo‘qlovlari Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA