Muammolarni viloyat hokimi nazoratga oldi
Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Yangiyo‘l tumanida aholi murojaatlari bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazdi.
Yangiyo‘l tuman hokimi Ulug‘bek Yalgashev viloyat sektor rahbarlari, boshqarma va idoralar boshliqlari, hududdan saylangan deputatlar ishtirokida aholini qiynayotgan muammolarga oid murojaatlar muhokama etildi.
"Changtepa" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mahfuza opa Qozoqboyevaning o‘g‘li gapirishda nuqsoni bor bo‘lib, davlat granti asosida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filialiga o‘qishga qabul qilindi. Biroq bu oilaning moddiy imkoniyati cheklangani tufayli o‘g‘lining o‘qishi uchun zarur sharoitlarni qilolmayotgani yuzasidan murojaati ijobiy hal etildi. Ochiq muloqot davomida viloyat hokimi Mahfuza opaning o‘g‘liga noutbuk sovg‘a qildi.
– Mutasaddilardan xursandman, – deydi Mahfuza opa. – O‘g‘lim Ramazon bu yil talaba bo‘ldi. Biroq uning o‘qishi uchun yetarlicha mablag‘imiz yo‘q. Shuni e’tiborga olib, uning bilim olishi uchun hokimiyat tomonidan zarur sharoit yaratib beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, "Ozod" mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari hududdagi yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etish, zarur sharoit yaratish maqsadida 2022 yilda mahallani "Obod qishloq" dasturiga kiritishni so‘rab qilgan murojaati ham mutasaddilar tomonidan nazoratga olindi.
Ochiq muloqot davomida Xalq deputatlari Yangiyo‘l tumani kengashi deputati Najmiddin Jo‘raboyev "Darxon" va "Pistalik" mahalla fuqarolar yig‘inlarida yig‘ilib qolgan muammolar bo‘yicha viloyat hokimiga murojaat qildi. Xususan, mazkur mahallalarda ichimlik suvi uchun quduq qazilgan bo‘lsada haligacha aholi xonadonlariga tortilmagan, ayrim ko‘chalarni asfaltlash, elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha simyog‘ochlarni almashtirish lozim.
Davron Hidoyatov mazkur masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq berdi va ijrosini ta’minlash borasida vaqt belgilandi.

"Haqiqat" mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari murojaatida keltirilishicha, 7 yildan beri qish mavsumi boshlandi deguncha ayrim xonadonlarda tabiiy gaz ta’minotida muammolar bo‘ladi. Viloyat hokimi topshirig‘i bilan joriy yil kuz-qish davrida kommunal muammolarni bartaraf etish va 1 oktyabrgacha mazkur mahallada gaz ta’minoti uzluksizligi ta’minlanadigan bo‘ldi.
Sayyor qabulda 69 ta mahalladan 300 nafarga yaqin fuqaroning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, o‘rganish talab etadigan murojaatlar yuzasidan mas’ullar va aniq muddat belgilandi.
A.Musayev,O‘zA