Muammolarni tez aniqlash va ularga yechim topishga e’tibor qaratilmoqda
Inson hayotida shunday damlar bo‘ladiki, birgina voqea uning butun taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Kechagina oddiy kechayotgan hayot bir zumda savollarga, xavotirlarga, umidsizlikka aylanadi. Ayniqsa, sog‘liq bilan bog‘liq og‘ir sinov insonning nafaqat jismoniy imkoniyatlarini, balki ruhiy dunyosi, o‘z kuchiga ishonchi va ertangi kunga bo‘lgan munosabatiga ham ta’sir qiladi.
Biroq insonga o‘z vaqtida qo‘l uzatilsa, uning qalbida so‘nib borayotgan umid yana yonishi mumkin. Unga shunchaki yordam emas, balki “Siz yolg‘iz emassiz, hayot davom etadi, sizga kerakli imkoniyatlar bor” degan ishonch berilsa, taqdirning eng og‘ir sahifasini ham yangi mazmun bilan davom ettirish mumkin. Buxoro shahrining “Yangiobod” mahallasida istiqomat qiluvchi Komil Ziyodullayevning hayot yo‘li ana shunday ishonchning inson taqdiridagi beqiyos ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
“Yangiobod” mahallasida bugun 6 334 nafar aholi, 2 654 ta oila istiqomat qiladi. Ular orasida ijtimoiy ko‘mak va e’tiborga ehtiyoj sezadigan oilalar ham bor. Xususan, 43 ta oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan bo‘lsa, 151 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydi.
Mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Madinabonu Nigmatova aholining holidan xabar olish, ularning ehtiyojlarini o‘rganish, muammolarini aniqlash va har bir insonga manzilli yordam ko‘rsatish borasida ish olib bormoqda. Komil Ziyodullayevning holati ham ana shu jarayonda o‘rganildi. U qandli diabet kasalligi asoratlari tufayli bir oyog‘idan ayrildi. Birinchi guruh nogironligi belgilangan Komil aka uchun bu nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham og‘ir zarba bo‘ldi. Inson uchun oddiydek tuyuladigan ko‘chaga chiqish, yaqinlari bilan suhbatlashish, ishga borish, jamiyat hayotida ishtirok etish kabi imkoniyatlar uning uchun birdaniga katta orzuga aylandi. Qariyb ikki yarim yil davomida u uyidan deyarli chiqolmadi. Harakatlanish imkoniyati cheklangani, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar va odamlar orasida bo‘lish imkonining kamayishi uni tobora tushkunlikka tushirdi. Ammo inson taqdiridagi eng og‘ir kunlar ham oxirgi nuqta emas.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy himoya tizimini tubdan takomillashtirish, xizmatlarni odamlarga yaqinlashtirish, ayniqsa, mahalla darajasida har bir ish amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodalaridan biri bo‘ldi. Ilgari turli idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan inson bugun o‘z mahallasidayoq uning holatini o‘rganadigan, muammosini eshitadigan va yechim topishga ko‘maklashadigan ijtimoiy xodimga ega. Bu — tizimdagi oddiy o‘zgarish emas. Bu insonga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi. Komil Ziyodullayev misolida ham ana shu yondashuv o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatdi. Avvalo, Komil akaning erkinroq harakatlanishi uchun zarur sharoit yaratildi. U boldir protezi, hassa hamda maxsus poyabzal bilan ta’minlandi.

Bu buyumlar tashqi tomondan oddiy vositalardek ko‘rinishi mumkin. Ammo Komil aka uchun ular — yana bir bor mustaqil harakatlanish, ko‘chaga chiqish, odamlar bilan muloqot qilish va hayotga qaytish imkoniyati edi. Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan davolanishi uchun bir martalik moddiy yordam ajratildi. Zarur dori-darmon vositalari bilan bepul ta’minlash choralari ko‘rildi. Biroq bu yerda eng muhimi — yordamning faqat moddiy tomoni emas.
Uzoq vaqt tushkunlikda yashagan insonga ruhiy ko‘mak ham kerak. Shu bois Komil aka bilan psixologik ish olib borildi. Uning qalbidagi og‘riq, xavotir va ishonchsizlikni yengib o‘tishiga ko‘maklashildi. Chunki ba’zan insonga qimmatbaho dori yoki moddiy mablag‘dan ham ko‘ra, “Sening qo‘lingdan keladi!” degan bir og‘iz so‘z kuchliroq ta’sir qiladi. Komil aka uchun ham aynan shu e’tibor yangi hayot eshigini ochdi.
Ijtimoiy himoyaning haqiqiy samarasini nimada ko‘rish mumkin? Javob oddiy: inson yana o‘zini kerakli his qilsa, mustaqil hayotga intilsa, mehnat qilsa, oilasi va jamiyati uchun naf keltirishga harakat qilsa — mana shu eng katta natijadir. Komil Ziyodillayev bugun bu haqiqatning tirik misoli. U endi uyda yopilib qolgan inson emas. U bugun Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatida mehnat qilmoqda. Kecha ikki yarim yil davomida uyidan chiqishga qiynalgan inson bugun ish joyiga borib, o‘z mehnati bilan jamoaga hissa qo‘shmoqda.

Bir qarashda bu oddiy voqeadek tuyulishi mumkin. Aslida esa bu — bir insonning hayoti qaytadan o‘z iziga tushgani, uning o‘z kuchiga ishonchi tiklangani, jamiyatda o‘z o‘rnini topganining katta g‘alabasidir.
Komil Ziyodullayevning hayot yo‘li ijtimoiy himoya tizimining mazmun-mohiyatini chuqurroq anglashga undaydi. Ijtimoiy himoya deganda faqat nafaqa, moddiy yordam yoki dori-darmon tushunilmaydi. Uning zamirida insonni eshitish, uning dardiga quloq tutish, imkoniyatini ko‘rish, qo‘lidan ushlash va mustaqil hayot sari yetaklashdek ulug‘ maqsad mujassam.
Bugun mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar ana shu vazifani bajarmoqda. Ular xonadonma-xonadon yurib, aholining turmush sharoitini o‘rganmoqda, muammolarni erta aniqlamoqda, ehtiyojmand insonlarni tegishli xizmatlar bilan bog‘lamoqda.
Bu jarayonning yana bir muhim jihati shundaki, inson endi faqat yordam oluvchi sifatida emas, balki o‘z salohiyati va imkoniyatlarini namoyon etishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida qaralmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri