Muammolar zudlik bilan bartaraf etilmoqda
Anomal sovuq natijasida Andijon viloyatining turli hududlarida elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortib ketishi oqibatida turli nosozliklar yuzaga kelmoqda.
– bugungi ayozli kunlarda elektr energiyasi ta’minoti tizimi xodimlar kunu tun, katta yuklama bilan mehnat qilmoqda, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali rahbari X. Yuldashev. – Filialimiz hamda tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarida maxsus shtablar tuzilgan. Yuzaga kelayotgan nosozliklar bo‘yicha ma’lumotlar 24 soat mobaynida qabul qilinmoqda. Yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha viloyatda 90 ta tezkor ta’mirlash brigadasi tashkil etildi, 32 ta maxsus avtotransport hamda 5 ta avtolobaratoriya jalb etildi.
Haqiqatdan ham elektr energiyasi ta’minoti tizimi xodimlari uchun ayni kunlar o‘ta murakkab va mas’uliyatli davr bo‘lmoqda. 10 yanvar tunda qalin qor yog‘ishi va kuchli sovuq bo‘lishi natijasida tizimda ko‘plab nosozliklar yuzaga keldi. Soha mutaxassislarining say’i-harakati bilan ular zudlik bilan bartaraf etilmoqda.
[gallery-10248]
Masalan, Andijon tumanidagi Qoratut mahallasi hududiga o‘rnatilgan 821- son transformator punktida yuzaga kelgan nosozlik tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan bartaraf etildi, transformator punkti ta’mirlanib, ishga tushirildi. Shuningdek, tumanning Dehqon mahallasi hududidagi nosoz holatga kelib qolgan 344- sonli transformator punkti kecha tunning o‘zida zaxiradagi transformator punktiga almashtirildi. Bir necha soat ichida ushbu hududda yashovchi aholi xonadonlarining elektr ta’minoti tiklandi.
Paxtaobod tumanidagi Chorsu, Yuqori va Yangiobod mahallalarini elektr energiyasi bilan taminlovchi 47-, 221- va 118- sonli transformator punktlarida yuzaga kelgan avariya holati tuman elektr tarmoqlari korxonasining tezkor brigadalari tomonidan bartaraf etildi. Qisqa muddat ichida transformatorlar ta’mirlanib, ishga tushirildi. Yuqoridagi mahallalarning elektr ta’minoti tiklandi.
Ayni paytda Marxamat tumani elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan Boboxuroson mahallasi, Ulyuz ko‘chasida joylashgan 80- sonli transformator punktini yukini yengillatish maqsadida o‘rniga quvvati 160 kVA bo‘lgan boshqa transformator punktini o‘rnatish, ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.
Andijon shahridagi Barkamol mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi bir qancha ko‘p qavatli uylarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 235- sonli transformator punktidan chiqqan 6 kV yer osti kabel tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Mazkur kabel maxsus laboratoriya mutaxassislari tomonidan tekshirilib, nosozlik aniqlandi. Ayni paytda tezkor brigada tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Sog‘lom avlod mahallasi hududidagi bir nechta ko‘p qavatli uylarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi “N/S Darxon” hamda “Yulduzcha MTS 6 TP_114” transformator punktlari oralig‘idagi 6 kV yer osti kabel tarmog‘ida ham nosozligi aniqlandi. Ayni vaqtda yer kovlanib, kabel ochilgan, ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Tez fursat ichida yuqoridagi mahallalardagi ko‘p qavatli uylarda elektr ta’minoti to‘liq tiklanadi.
Yuqoridagi kabi nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida tezkorlik bilan amalga oshirlmoqda. Bundan tashqari, yuzaga kelgan og‘ir va murakkab sharoitdan kelib chiqib, yuklamalarning ortib ketishining oldini olish maqsadida soha xodimlari tomonidan elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA