MOXI rahbari Koreya elchisi bilan uchrashdi
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida mehmonga MOXIning maqsadi, vazifasi, shuningdek, institut tomonidan xorijiy hamkorlar bilan birga olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Diplomatik missiya rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakat va jamiyatni modernizatsiya qilish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan tashqi siyosat yo‘lini yuqori baholadi.
Elchi ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Koreyani ko‘p yillik do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtasi bog‘lab turadi. Bu strategik sheriklikni chuqurlashtirish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, turli sohalarda har ikki tomon uchun foydali loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi.
Shu kunlarda Pusan shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumi mamlakatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot va amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Ikki mamlakat ilmiy va akademik doiralari o‘rtasidagi aloqani faollashtirish, jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” formati salohiyatidan foydalangan holda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA