Moskva terakti ortida kim turibdi? (+video)
Ma’lumki, joriy yil 22-mart kuni kechqurun Moskva viloyati hududidagi “Crocus City Hall” konsert zalida Rossiya tarixidagi eng qonli teraktlardan biri yuz berdi. Bir necha qurollangan shaxs majmuaga bostirib kirib, olomonni o‘qqa tutdi, keyin binoni yoqib yubordi.
Poytaxt viloyati Sog‘liqni saqlash departamenti so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa tufayli halok bo‘lganlar soni 150 nafardan oshdi, 200 ga yaqin odam hamon shifoxonada. Rossiya tergov qo‘mitasi holat bo‘yicha allaqachon jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytdi.
Voqea munosabati bilan ko‘plab davlat rahbarlari, xalqaro tuzilmalar yetakchilari Rossiya xalqiga hamdardlik bildirib, ta’ziya izhor etmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotda terakt qurbonlari xotirasi uchun Rossiya xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.
Moskvadagi elchixonamiz ma’lum qilinishicha, qurbonlar orasida o‘zbekistonliklar aniqlanmagan.
Terakt bo‘yicha ko‘p savollar paydo bo‘lyapti. Xalqaro siyosiy tahlilchilar bu borada turli xil taxminlarni ilgari surmoqda. Moskva shahri Basman sudi gumondor sifatida tojikistonlik 4 nafar shaxsni hibsda ushlab turibdi. Ularga terror xurujini uyushtirish aybi qo‘yilyapti. “Ukraina Rossiya ichidagi teraktni qo‘llab-quvvatladi” mazmunidagi iddaolar ham mavjud. Hodisa uchun javobgarlikni ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi – ISHID-Xuroson o‘z zimmasiga oldi, deb yozdi “The New York Times” nashri.
AQSHning Moskvadagi elchixonasi joriy yil 7-mart kuni murojaat bilan chiqib, ekstremistlar tomonidan poytaxtda aholining yirik yig‘inlari, jumladan konsertlar nishonga olinayotgani haqida ma’lumotlar borligini qayd etib, AQSH fuqarolariga keyingi 48 soat ichida yirik yig‘inlarda ishtirok etmaslikni tavsiya qilgan. Shuningdek, Amerika razvedkasi Rossiyani “Islomiy davlat” (ISHID) terror guruhi mamlakat hududida teraktlar uyushtirishni rejalashtirayotganidan ham ogohlantirgan.
Ukraina esa teraktga aloqasi yo‘qligini aytib chiqdi. Prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning maxsus video murojaatida aytilishicha, Ukraina hech qachon terror usullaridan foydalanmagan.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Moskvada sodir etilgan teraktni keskin qoraladi va agar fojia ortida Kiyevning qo‘li bo‘lsa, o‘sha qo‘l kesilishini bildirdi.
- Voqea hududida xavfsizlik holati yetarli darajada ta’minlanmaganmidi?
- AQSHning ehtimoliy terror hujumidan ogohlantirishiga nega Rossiya befarq qaradi?
- Agar bu teraktni ISHID qilgan bo‘lsa, nega aynan Rossiya tanlandi? ISHIDning Rossiya bilan qanday o‘zaro ziddiyati bor?
- Teraktning Ukrainaga aloqasi bo‘lsa, endi Rossiya, Ukraina va mintaqa davlatlari uchun qanday oqibatni kutish mumkin?
- Putin Rossiya xalqiga murojaat bilan chiqdi. Moskva endi qanday yo‘l tutadi?
Ushbu voqea atrofida paydo bo‘layotgan savollarga javob topish maqsadida bugun studiyamizga siyosiy fanlar doktori Farxod Tolipovni taklif etdik.
Suhbatni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5M2SZXdMeJY" title="Moskva terakti ortida kim turibdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA