Moody’s Ratings “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning kredit reytingini “Ba3” darajasiga oshirdi
Moody’s Ratings xalqaro reyting agentligi “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning uzoq muddatli depozit reytinglarini “B1” darajasidan “Ba3” darajasiga oshirdi hamda reyting istiqbolini “Ijobiy”dan “Barqaror” darajaga o‘zgartirdi.
Mazkur qaror Moody’s Ratings tomonidan O‘zbekiston Respublikasining suveren reytinglari yaxshilanishi, mamlakatdagi operatsion muhitning mustahkamlanishi hamda institutsional va siyosiy islohotlarning davom ettirilishi bilan bog‘liq holda qabul qilindi.
Reyting agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bank sektori uchun operatsion muhit yaxshilanib bormoqda. Bu bank nazorati va tartibga solish tizimining rivojlanishi, iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlari hamda mamlakatning moliyaviy barqarorligi bilan izohlanadi.
Moody’s Ratings “Biznesni rivojlantirish banki” ATB reytingi oshirilishini bankning to‘lov qobiliyati va likvidlik ko‘rsatkichlarini yanada mustahkamlash imkoniyatlari bilan asoslagan.
Agentlik baholashiga ko‘ra, bankning kredit portfeli sifati so‘nggi yillarda sezilarli yaxshilangan hamda muammoli kreditlar ulushi keskin kamaygan. Bu korporativ kredit portfelini tozalash va avvalgi yillardagi muammoli aktivlar bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasidir.
Shuningdek, bank 2025-yil yakuni bo‘yicha 531 mlrd so‘m miqdorida sof foyda qayd etgan, bu 2024-yildagi salbiy ko‘rsatkichlarga nisbatan sezilarli ijobiy natijani ifodalaydi.
Moody’s Ratings “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi ehtimolini yuqori deb baholagan. Bunga bankning 100 foiz davlat ulushida ekanligi va kichik hamda o‘rta biznesni rivojlantirish sohasida davlatning muhim moliyaviy instituti sifatidagi strategik roli asos bo‘lgan.
Reyting ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligini yanada kengaytirish, tashqi moliya bozorlariga integratsiyalashuvini kuchaytirish hamda mamlakat tadbirkorlari uchun sifatli moliyaviy xizmatlar imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.