Mo‘l hosilga zamin hozirlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Shu kunlarda qishloq xo‘jaligida qishki yumushlar ayni avj pallada. Har bir fursatni g‘animat bilgan dehqonlar agrotexnik tadbirlarni muddatida amalga oshirib, mo‘l hosilga zamin yaratmoqda. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Uychi tumanida bo‘lib, dala ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Dastlab don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Namangan ilmiy tajriba stansiyasiga qarashli yer maydonlarida g‘alla parvarishi holati ko‘zdan kechirildi. Ekinni sug‘orish, dala qirg‘oqlari, yo‘l bo‘ylarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. So‘ng “Zarbol Navoiy” SIU, “Uychi mirishkor qanoti”, R.Rahimov, A.Egamberdiyev nomli MMTPlar hududlaridagi fermer xo‘jaliklari g‘allazorlari o‘rganildi.
Ma’lumot tariqasida aytish kerak, joriy yilda tumanda 6 ming 385 gektar yer maydonida g‘alla parvarishlanmoqda.
Tumanning 2-sektor hududidagi “Zarbol Navoiy” SIUda joylashgan “Yorqo‘rg‘on obodonchi” fermer xo‘jaligida g‘allaga chilla suvi berish hamda maydonlarni g‘o‘zapoyadan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. “Umrzoqov Jahongir” fermer xo‘jaligida g‘allaga chilla suvi berish bilan birga, ariqlar chopib, tozalanmoqda. 1-sektor hududidagi “Norin gavhari” fermer xo‘jaligi dala maydonlarida esa shudgorlash ishlari davom etyapti. “Qahramon chinori” fermer xo‘jaligida 2025 yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonlariga mahalliy o‘g‘it jamg‘arish ishlari namunali tashkil qilindi. “Rovot fayz baraka” fermer xo‘jaligida ichki ariqlarni betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. “Birlashgan Dehqonobod” MMTPda joylashgan “Baxtiyor” fermer xo‘jaligida ham shudgorlash, g‘alla maydonlarini g‘o‘zapoyadan tozalash ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi hamda Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan ariqlarni mexanizm yordamida tozalash, dala chetlari, yo‘llarni tartibga keltirish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, ishchi guruh jarayonni ko‘zdan kechirdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA