Mohir qilichbozlar saralandi
Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha “Kuchlilar turniri“ musobaqasi yakunlandi.
Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha “Kuchlilar turniri“ musobaqasi yakunlandi.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada yuzdan ziyod qilichboz o‘zaro raqobatlashdi.
Musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi shpaga bahslarida toshkentlik Fayzullo Alimov, andijonlik Javohir Nurmatov, navoiylik Igor Knyazev va andijonlik Faxriddin Sobirov shohsupaga ko‘tarildi.
Xotin-qizlar bahsida esa Malika Hakimova, Gulmira Ziyoeva, Barchinoy Boltaeva hamda Veronika Rojkova g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Rapira yo‘nalishida o‘tgan bellashuvlarda Doniyor Sa’dullaev barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, ayollar musobaqasida Umida Ilyasovaga teng keladigani topilmadi.
Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi.