Mobil poliklinika aholi xizmatida
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va viloyat hokimligi tashabbusi bilan maxsus avtobusga joylashtirilgan mobil poliklinika faoliyat yuritmoqda. Olis hududlarda tibbiy xizmat samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan mobil poliklinikasining navbatdagi manzili Qarshi tumanidagi olis Poshton mahallasi bo‘ldi.

Hududdagi Yusuf Xushvaqtov nomli oilaviy shifokorlik punktida mobil poliklinikaning zamonaviy tibbiy uskunalari hamda viloyat markazidan borgan malakali tor soha mutaxassislari ko‘magida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Tadbirda 52 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ularga tegishli tavsiyalar berildi. 4 nafariga tuman, 3 nafariga viloyat shifoxonasida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori To‘lqin Rasulovning qayd etishicha, endi belgilangan grafik asosida har haftaning chorshanba va shanba kunlari mobil poliklinika orqali olis hududlarda tibbiy ko‘riklar tashkil etilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA