Misr va Suriya yetakchilari ilk bor uchrashdi
Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Qohirada G‘azoni qayta qurish masalalarini muhokama qilish uchun o‘tkazilgan sammit doirasida Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad al-Shara bilan ilk bor uchrashdi. Bu haqda “Egypt today” nashri malum qilmoqda.
Bir paytlar “Al-Qoida”ga aloqador bo‘lgan Shara 2024 yil dekabrida Suriyaning sobiq prezidenti Bashar al-Asadni hokimiyatdan ag‘dargan isyonchilar guruhiga rahbarlik qilganidan beri arab va G‘arb yetakchilaridan moliyaviy yordam olishga harakat qilmoqda.
Sisi Yaqin Sharqda keng ta’sirga ega va Qo‘shma Shtatlarning yaqin ittifoqchisi hisoblanib, diniy radikalizmga qarshi keskin kurashib keladi.
Ko‘rfazdagi ittifoqchilaridan farqli o‘laroq, Qohira Suriyadagi siyosiy vaziyatga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ldi.
Suriya davlat axborot agentligi – SANA yig‘ilishda Suriya tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shiboniy ham ishtirok etganini yozib chiqdi.
Misr prezidenti Sisi Shara bilan uchrashuv chog‘ida barcha suriyaliklarni qamrab oluvchi keng qamrovli siyosiy jarayonni boshlashga chaqirdi.
Shuningdek, u Suriya yerlarining birligi va xavfsizligi bo‘yicha munosabat bildirib, Suriya hududida har qanday “hujum”ni rad etishini yana bir bor ta’kidladi.