Mish-mishlarga, asoslanmagan xabarlarga ishonmang
Shu yilning 20-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona shahridagi 5-oilaviy poliklinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor aniqlanibdi, degan mazmundagi asossiz va shov-shuvli xabar tarqaldi.
Shu yilning 20-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona shahridagi 5-oilaviy poliklinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor aniqlanibdi, degan mazmundagi asossiz va shov-shuvli xabar tarqaldi.
Xoʻsh, aslida nima boʻlgan edi? Mazkur holatga Sogʻliqni saqlash vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi oydinlik kiritdi.
Gap shundaki, shu kuni mazkur poliklinikaga 2001-yilda tugʻilgan Fargʻona shahridagi goʻzallik salonlarining birida faoliyat koʻrsatuvchi xodim X. D. tana haroratining oshishi, tomoq ogʻrishi shikoyati bilan ushbu tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. Tibbiyot xodimlari tomonidan u belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Ammo bemor vrachga oʻz shikoyatlarini bayon qila turib, yaqinda Rossiyada boʻlib qaytgan fuqaro bilan muloqotda boʻlganligini aytib, barchani vahimaga solgan. Bu esa koʻpchilik oʻrtasida asossiz mish-mish tarqalishiga ham sabab boʻlgan.
– Shundan soʻng belgilangan tartibda poliklinika masʼul xodimlari tomonidan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi shtabiga xabar berilgan, –deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Odiljon Umarov. –Koʻrilgan tezkor tadbirlar va ehtiyot choralari natijasida bemorga zudlik bilan maslahat guruhi yuborilib, epidemiologik anamnezi toʻliq oʻrganilib, profilaktik nuqtayi nazardan yuqumli kasalliklar shifoxonasi izolyatoriga yotqizilgan. Koronavirusni aniqlash uchun PZR usulida tekshirish uchun surtma olindi. Shu bilan birga, uning oila aʼzolari ham qatʼiy tibbiy kuzatuvga olingan.
Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, bemordan shu yilning 20-mart kuni viloyat SEO virusologiya boʻlimi xodimlari tomonidan PZR usulidagi №197 sonli olingan tahlil xulosasiga koʻra, unda koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.
Shu oʻrinda fuqarolarimizdan yana bir bor asoslanmagan xabarlarga, turli mish- mishlarga ishonmasliklarini soʻrab qolamiz.