Mirzo Ulug‘bek tumanida islohotlar shiddati, raqamli kelajak va bunyodkorlikning yangi bosqichi namoyon bo‘lmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrif buyurib, tuman hokimligi faoliyati, joylardagi bunyodkorlik va infratuzilmani rivojlantirish ishlari bilan tanishdi.

Bugungi kunda Mirzo Ulug‘bek tumani poytaxt iqtisodiyoti va ilmiy salohiyatini belgilashda strategik ahamiyatga ega. Yuqori iqtisodiy dinamika va ijtimoiy barqarorlik tumanning zamonaviy qiyofasini belgilab bermoqda. Hudud iqtisodiyotining asosiy drayverlari sifatida jadal rivojlanayotgan xizmat ko‘rsatish sohasi va zamonaviy texnologik ishlab chiqarish tarmoqlari yuqori samadorlikni ta’minlamoqda.
Aholi zichligi yuqori bo‘lgan ushbu tumanda 342 ming nafardan ziyod fuqaro istiqomat qiladi. Hududdagi 70 ta mahalla fuqarolar yig‘ini orqali ijtimoiy boshqaruvning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu aholi bilan manzilli ishlash va mavjud masalalarni tezkor hal etish imkonini beradi.
Tumanning o‘ziga xos jihati unda yirik ilmiy-ta’lim muassasalarining jamlanganidadir. Bu intellektual resurs hududni innovatsion iqtisodiyotga o‘tishda mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari dastlab Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi binosi yonidagi Salar kanali ustiga qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi, hududdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi va shu yerda ko‘chat ekdi.

Shundan so‘ng tuman hokimligi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Prezidentimiz 1992-1996-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi. Hokimlik binosida davlatimiz rahbari hokim bo‘lib ishlagan davrdagi qiyofada qayta tiklangan xizmat kabineti va xizmat avtomobili ko‘rsatildi. Davlatimiz rahbari hokimligi paytida qabul qilgan eng muhim qarorlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Tanishuv chog‘ida Prezidentimiz o‘sha vaqtdagi faoliyatidan xotiralari bilan bo‘lishdi.

Shu paytgacha Mirzo Ulug‘bek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy yordam, kommunal, moliya va bank kabi 30 ta tashkilot o‘z yo‘nalishi bo‘yicha alohida-alohida, tarqoq holda ishlayotgan edi. Yagona tizim yo‘qligi aholi murojaatini tezkorlik bilan hal qilishga katta to‘siq bo‘layotgan, ortiqcha vaqt va sarsongarchilikka sabab bo‘lardi.
Hozir hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilib, sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi yaratildi. Muhimi, tumandagi barcha mahalla vakillari bilan onlayn muloqot qilish, vaziyatdan doimo xabardor bo‘lish imkoniyati yaratilgan.
Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.
Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini ta’minlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishga tushirildi.
Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Barcha viloyat hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulug‘bek tumaniga kelib, ushbu yangi tizimni o‘rganishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi.

Turizm kam mablag‘ evaziga ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadlarini oshirib, hududlar qiyofasini yaxshilaydigan muhim sohadir. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar katta.
Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida mazkur salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston ovozi ko‘chasida olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatimizda turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.
Ob’ekt 2025-yil sentabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, loyihasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.
Ko‘chaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Jumladan, keng piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari tashkil etilib, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bog‘ faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, zamonaviy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar bilan samimiy suhbatlashdi.
Loyihaning umumiy qiymati 40 milliard so‘mni tashkil etadi. Ko‘chada jami 165 ta savdo ob’ekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkorlik sub’ekti uzluksiz ishlash tartibiga o‘tgan. Shuningdek, 2 ming 221 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Prezidentimizga shu yerning o‘zida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik ko‘chalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Qayd etilganidek, 2025-yilda poytaxtda jami 26 ta ko‘cha tunu kun faoliyat yuritishga o‘tdi. Bu yo‘nalishga 540 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 1 ming 103 ta yangi savdo va servis ob’ekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkorlik sub’ekti 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ko‘chalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan.
Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm ko‘chasini tashkil etish, 500 ta yangi ob’ektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish o‘rni yaratish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bek tumanida gastronomik turizm ko‘chalari sonini yanada ko‘paytirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi bunyod etilgan “Pavilion” savdo majmuasini borib ko‘rdi.

So‘nggi yillarda yurtimizda qurilish materiallari sanoati jadal rivojlanib, tarmoqda ishlab chiqarish bilan birga savdo va servis infratuzilmasini zamonaviy asosda tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur majmua ana shunday yondashuvning amaliy ifodasi bo‘ldi. Tashabbuskor investor tomonidan loyihaga 25 million dollar sarmoya yo‘naltirilgan. Majmua 4,6 gektar hududda barpo etilgan bo‘lib, 42 ming kvadrat metr qurilish ishlari bajarilgan. Hududda 1 ming o‘rinli avtoturargoh ham tashkil etilgan.
Uch qavatli majmuada savdo do‘konlari bilan birga keng yo‘laklar, ochiq va qulay jamoat maydonlari, xaridorlar uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Eng muhimi, bu yerda qurilish materiallari savdosini tarqoq hamda tirband shakldan chiqarib, tartibli, shaffof va xaridorbop tizim asosida yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, 2 ming nafar aholi ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbariga majmua faoliyati va imkoniyatlari haqida axborot berildi. Prezidentimiz qurilish mahsulotlari do‘konlarini ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda 500 ta do‘kondagi qurilish va ta’mirlash uchun zarur mahsulotlarni bir joyda taklif etish imkoniyati yaratiladi. Barcha mahsulotlar va ularning narxi yagona elektron platforma orqali shaffof ko‘rinib turadi. Bu esa ham tadbirkorlar, ham xaridorlar uchun vaqt, mablag‘ va tanlov imkoniyati nuqtai nazaridan katta qulaylik yaratadi.
Majmua yiliga 3 milliongacha xaridorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Hududda xavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Butun savdo kompleksi 500 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan qamrab olingan.
Prezidentimiz ushbu majmua shunchaki savdo nuqtalari jamlanmasi emas, balki qurilish materiallari bozorida yangi madaniyat, yangi sifat va yangi xizmat standartlarini shakllantiradigan maskan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Toshkentning tarixiy o‘n ikkita darvozasi bo‘lganini eslatib, bugun poytaxt atrofida ham shunday, turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan zamonaviy savdo markazlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
– Xalqimizning turmush tarzi yaxshilanib, istaklari ortayapti. Bu kabi savdo majmualarida milliy mahsulotlarimizga ko‘proq o‘rin berish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish va logistikani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.
Yurtimizda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Bu borada 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi mahallalarni zamonaviy asosda rivojlantirish, ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Bog‘imaydon mahallasi bugun ana shunday yangilanishlar natijasida mutlaqo yangicha qiyofa kasb etgan. 1987-yilda tashkil etilgan ushbu mahallada hozir 41 ta ko‘p qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud bo‘lib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Hududda aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Xususan, bu yerda 20 ta bolalar o‘yingohi, 11 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni va tennis korti tashkil etilgan. 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qariyb 500 nafar bolani qamrab olgan.
Mahallada iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bugun bu yerda 70 dan ziyod tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Bu esa ishsizlikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, mahalladagi 1 ming 48 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi ta’minlangan.
Hududda yashillikni asrash va ko‘paytirishga ham e’tibor kuchaytirilgan. Shu maqsadda 2022-yilda ekobog‘ tashkil etilgan. Qariyb 4,5 ming tup daraxtga ega ushbu bog‘ bugun keksayu yosh uchun sevimli dam olish maskaniga aylangan.
Shuningdek, mahallada ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “Nuroniylar maskani” ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bugun turar joylar kirish qismlari kuzatuv kameralari va qo‘riqlash pultlari bilan jihozlangan. Hududga kirib-chiquvchi shaxslar va avtotransport vositalari zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat qilib borilmoqda.
Prezidentimiz aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, mahalla oqsoqollari va faollari bilan muloqot qildi. Obod va fayzli mahalla jamiyat tayanchi ekanini ta’kidlab, tinchlik, hamjihatlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash doimo ustuvor vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi.
Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan sumalak saylida ishtirok etib, mahalla ahli va bolajonlar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, sport maydonchasida mashg‘ulot olib borayotgan yoshlar bilan uchrashib, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzining barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV, Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbirlari