Mirzaobodda Ozarbayjon anorlari yetishtiriladi
Ozarbayjonning “Tovuz Baltiya” kompaniyasi bosh direktori Naig Mamedgasanov va Mirzaobod tumanidagi “Dehqonobod asl anori” MCHJ rahbari Isroil Ne’matov, viloyat hokimligi mas’ullari o‘tgan yili o‘zaro onlayn-muloqot o‘tkazgan edi. Unda jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan anor mevasini yetishtirish bo‘yicha hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasi muhokama etilgandi.
Mazkur hamkorlik natijasida “Tovuz-Baltiya” kompaniyasi bilan Sirdaryo viloyatida anorning eng yaxshi Ozarbayjon navlarini yetishtirish, mahsulotni xorijiy davlatlarga eksport qilishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqildi.
Kuni kecha “Tovuz-Baltiya” kompaniyasining bosh direktori Naig Mamedgasanov, kompaniya bosh texnologi Alixan Mamedgasanov, kompaniya boshqaruvchisi Zade Musayeb hamda rossiyalik investor Hasan Aliyevlardan tarkib topgan delegatsiya Mirzaobod tumaniga tashrif buyurdi.
Delegatsiyani tuman hokimi Jonibek Yariyev qabul qildi. Muloqot chog‘ida tumanda anor mevasini yetishtirish va uni to‘liq qayta ishlashning tashkiliy hamda amaliy jihatlari haqida so‘z bordi. Kelgusida Ozarbayjondan anor navlarini keltirish va yetishtirish, anor sharbati, anor urug‘laridan moy mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish borasida kelishuvga erishildi.
Sh. Suyarov, Sh. Ortiqboyev,(suratlar) O‘zA.