Mironshoh Mirzoning zumrad ko‘zli muhr-uzugi
Samarqand tuprog‘i asrlar davomida o‘z qa’rida buyuk o‘tmish sirlarini saqlab keladi. Ba’zan minglab sahifali qo‘lyozmalar ayta olmagan haqiqatni kichik bir topilma so‘zlashi mumkin. Ana shunday nodir yodgorliklardan biri – Sohibqiron Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh mirzoga tegishli shaxsiy muhr-uzukdir. Bu qimmatbaho buyum shunchaki bezak vositasi emas. U temuriylar davridagi yuksak maqom, boshqaruv tartibi va hali yechilmagan tarixiy jumboqlarning guvohidir. Ushbu zumrad ko‘zli uzuk tariximizning yorqin sahifalaridan birini qayta tiklashga imkon beradi.
Mazkur noyob osori-atiqaning topilish tarixi 1885 yilga borib taqaladi. Sharqshunos olim Nikolay Veselovskiy Samarqanddan Imperator arxeologiya komissiyasi uchun qadimiy buyumlarni xarid qiladi. Ular orasida Mironshoh mirzoning ismi bitilgan uzuk ham bor edi. Uzukning ko‘zi bodom qobig‘i shaklidagi nafis zumraddan ishlangan. Unga ishlov berish uslubi o‘sha davr zargarlarining yuksak mahoratidan darak beradi. Tosh oltin gardishga o‘rnatilgan. Uzukning xalqasi keyinchalik payvandlangan bo‘lsa-da, oltinning sifati va tusi asl nusxaga juda mos keladi. Zumrad yuzasiga bitilgan yozuvlar teskari o‘yilgan. Bu esa uzukdan muhr sifatida foydalanilganini anglatadi. Sharq an’anasiga ko‘ra, hujjatlarni tasdiqlashda barmoqdagi uzukni siyohga botirib bosish odati keng tarqalgan edi.
Uzukning shakli alohida e’tiborga molik. Nikolay Veselovskiyning yozishicha, bodomsimon muhrlar Sharqda faqat hukmron sulola vakillariga xos bo‘lgan. Bu shakl oddiy amaldorlar yoki beklar tomonidan ishlatilishi mumkin emas edi. Masalan, Qrim xonlari va Xiva xonlarining muhrlari ham aynan shunday ko‘rinishga ega bo‘lgan. Mironshoh uzugidagi bu shakl uning jamiyatdagi oliy mavqeini yaqqol ko‘rsatadi. U oddiy shahzoda emas, balki keng vakolatlarga ega bo‘lgan shaxs ekanini shu kichik detal orqali anglash mumkin.
Zumrad yuzasidagi yozuvlar tarixiy jihatdan g‘oyat qimmatlidir. Unda shunday bitilgan: “Ozarbayjon amir ul-umarosi Mirzo Mironshoh ibn Amir Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon, 802”. Bu matndagi eng muhim jihat – Mironshohning “amir ul-umaro”, ya’ni “amirlarning amiri” deb atalishidir. Demak, Mironshoh Ozarbayjonga shunchaki mulk egasi sifatida emas, balki oliy darajadagi davlat arbobi sifatida yuborilgan. U markaziy hokimiyatning to‘laqonli vakili maqomida bo‘lgan. Bu temuriylar boshqaruv tizimi qanchalik mukammal va tartibli bo‘lganini ko‘rsatuvchi dalildir.
Biroq, uzukdagi sana tarixchilarni jiddiy mushohadaga chorlaydi. Muhrda hijriy 802 yil (milodiy 1399/1400 yil) ko‘rsatilgan. Vaholanki, mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida boshqa sanani keltiradi. Unda Amir Temur Xulagu xon taxti va Ozarbayjon boshqaruvini Mironshohga hijriy 795 yilda topshirgani aytiladi. Yazdiyning yozishicha, Sohibqiron 798 yilda ham bu vazifani qayta tasdiqlagan. Xo‘sh, nega uzukda aynan 802 yil qayd etilgan? Bu o‘rtada yetti yillik farq mavjud. Bu tarixiy jumboq haligacha o‘z yechimini kutmoqda.
Ehtimol, 802 yilda Mironshohning vakolatlari yangidan tasdiqlangandir. Yoki bu sana uning hayotidagi biror muhim g‘alaba yoki siyosiy o‘zgarish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham, toshga o‘yilgan bitik qo‘lyozmalardagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish yoki ularni qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi. Uzukdagi yozuv “Zafarnoma”dagidan ko‘ra aniqroq guvohlik berishi ehtimoldan xoli emas. Zero, muhr davlat hujjatlarini qonuniylashtiruvchi vosita sifatida xatosiz yasalishi shart edi.
Ushbu nodir topilma ajdodlarimizning davlatchilik madaniyati naqadar yuksak bo‘lganini namoyish etadi. Har bir hudud, har bir viloyat qat’iy nizom va tartib asosida boshqarilgan. Shahzodalar faqat qondoshlik uchun emas, balki rasmiy maqom va mas’uliyat bilan lavozimga tayinlangan. Mironshoh mirzoning uzugi bizga o‘sha davrning murakkab siyosiy jarayonlari, zargarlik san’ati va idorachilik madaniyati haqida so‘zlaydi. Bu kabi osori-atiqalar tariximizning tilsiz, ammo haqiqatgo‘y shohidlaridir. Ularni o‘rganish o‘zligimizni, buyuk o‘tmishimizni teranroq anglashga xizmat qiladi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA