Mirobod tumani Barotxo‘ja mahallasida nima gap?
Aholi yashash hududlarida yoki ularga yaqin joylarda faoliyat yuritadigan ishlab chiqarish korxonalarida ekologik talablarga rioya qilinishi, aholi vakillarining salomatligiga zarar yetkazadigan holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Aks holda ekologiyaning buzilishi va aholi e’tirozlarini keltirib chiqarishi shubhasiz.
O‘zbekiston Ekologik partiyasining ma’lum qilishicha, partiyaga Mirobod tumani Barotxo‘ja mahallasi fuqarolari tomonidan murojaat kelib tushgan. Unda mahalla hududida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonasi atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgani yuzasidan e’tirozlar aks etgan.

Mazkur murojaat asosida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sevara Fayziyeva, Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Akmal Rasulov hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, murojaatga sabab bo‘lgan korxona Nogironlar (Ko‘zi ojizlar) jamiyatiga qarashli binoda, ijara asosida uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Korxona rahbarining ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hududda ilgari suv ishlab chiqarish va tekstil kombinatiga oid faoliyat uchun tegishli ekspertiza xulosasi olingan. Hozirda esa suv ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Korxonada shisha va alyuminiy chiqindilarini qayta ishlash sexlari mavjud bo‘lib, ushbu faoliyatlar uchun hali ekspertiza xulosasi olinmagan, biroq tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgani bildirildi.

Mazkur holat yuzasidan mutasaddilar laboratoriya uskunalari va mutaxassislarni jalb qilgan holda, korxonada chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, shuningdek, belgilangan tartibda ruxsatnomalar asosida tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Nazorat tadbiri davomida deputatlar poytaxtimizdagi har bir ishlab chiqarish korxonasida ekologik me’yor va qoidalarga qat’iy rioya etilishi, fuqarolardan kelib tushayotgan barcha murojaatlar doimiy ravishda nazoratga olinishi zarurligini ta’kidladilar. Bu poytaxt hududlarida atmosfera musaffoligini ta’minlash, ekologiyani asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA