Mintaqaviy vakil ishchilar bilan uchrashdi
“Qiziqumsement” AJda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayev vakil faoliyatining huquqiy asoslari, asosiy prinsiplari, Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga murojaat qilish usullari, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tartibi, ular ko‘rib chiqilishida vakilning huquqlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Ombudsmanning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish vazifasi belgilangan, – deydi Sh.Jo‘rayev. – Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Ombudsman maktabi” tashkil etilgan. Ayni paytda “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risida aholini, ayniqsa, ayollar, yoshlar, keksalarni o‘z vaqtida va to‘laqonli xabardor qilish, qonunchilikda yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlar va ulardan foydalanish usullari haqida ma’lumotlar berilmoqda.

– bugungi tadbir har jihatdan foydali bo‘ldi, – deydi “Qizilqumsement” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Bobonazarov. – Korxonamiz xodimlariga mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, ishchi-xodimlarga imtiyozli pensiya tayinlash, bolalar nafaqasi, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ajratish, fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilishi, ish o‘rinlari yaratish uchun subsidiyalar va kreditlar ajratilishi tartibi, yangilangan Mehnat kodeksi, undagi yangiliklar haqida ma’lumotlar berildi. Бундай uchrashuvlarni ko‘p ming sonli ishchi- xodimlar mehnat qilayotgan korxonaning har bir sexi va mehnat jamoalarida muntazam o‘tkazishga kelishib oldik.
A.Bo‘riyev,
O‘zA