Milliylik doim yuksak qadr topadi
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Madaniy meros haftaligi ijodiy loyihalar, shu jumladan, yorqin milliy san’atimiz aks etgan konsertlar, musiqiy dasturlarga ham boy bo‘lmoqda. Unda mamlakatimizning barcha san’at ustalari faol qatnashmoqda.
Barcha san’atkorlarning ijrosi kabi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulla Shomag‘rupov ijrosidagi o‘zbek milliy qo‘shiqlari xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Bunday nufuzli madaniy-ma’rifiy loyihada qatnashayotganimdan behad mamnunman. bugungi dunyodagi murakkab vaziyat barchamizdan yanada ahil, hamjihat bo‘lishni talab etayotgani tadbirlar davomida yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda. Milliy qo‘shiqlar asosidagi badiiy dastur bilan konsertlarda ishtirok etdim. Bevosita mazkur Madaniy haftalikka kelsak, bu turkiy xalqlar madaniyati, boy merosini namoyish etishda muhim ahamiyat kasb etadi. E’tiborga molik jihati, Madaniy haftalik ishtirokchilariga milliy musiqa, raqs san’atimizning barcha maktablari bilan batafsil tanishish, undan bahra olish imkoniyati yaratildi.
Aytish joizki, san’at rivojida "ustoz-shogird" an’analari benihoya katta o‘rin tutadi. Biz ham ustoz san’atkor Kamoliddin Rahimovdan ijro mahorati bilan birga she’riyatga, so‘zga mas’uliyat bilan yondashish kerakligini o‘rganganmiz. Zahiriddin Muhammad Bobur, Mashrab g‘azaliyotiga murojaat etib, shu asosda yaratilgan qo‘shiqlar yurtimiz hamda chet ellik muxlislarga g‘oyat manzur bo‘lgani ijodkor sifatida menga ilhom bag‘ishlaydi. Bunday ehtirom qo‘shiqlarning milliylikka, so‘zda ham, sozda ham sof o‘zbekona ohanglarga yo‘g‘rilgani bilan belgilanadi. Shu bilan birga bolalar musiqa va san’at maktablarida san’at sirlarini imkon qadar yoshlarga o‘rgatishga harakat qilmoqdaman.
Xulosa tarzida aytmoqchimanki, o‘z asl qiyofasi, milliy ruhini saqlab qolgan ijod namunasi u xoh qo‘shiqchilik, xoh raqs bo‘lsin, doim millati, tilidan qat’iy nazar, barcha muxlislar tomonidan yuksak qadrlanadi. Madaniy meros haftaligida bu jihatlar yana bir karra o‘z ifodasini topmoqda.
Nazokat Usmonova,O‘zA