Milliy urf-odat va an’analarimiz dunyo nigohida
O‘zbek milliy an’ana va urf-odatlari, qadriyatlari, milliy o‘ziga xosligi azaldan ko‘plab xorijliklarni o‘ziga jalb etib keladi. Muborak Ramazon oyida millatimizga xos mehr-oqibat, muruvvat kabi insoniylik fazilatlari yanada keng bo‘y ko‘rsatmoqda. Bu kabi qadriyat va an’analarimiz xorijiy ommaviy axborot vositalari nigohini ham o‘ziga jalb etayotgani quvonarli hol.
Yaqinda Indoneziyadagi ommabop “Siyosiy axborot agentligi” (Kantor Berita Politik) saytida “O‘zbekistondagi Ramazon an’anasi bilan tanishing” (Mengenal tradisi Kamadhan di Uzbekistan) dasturi namoyish qilindi.
Bir soat davom etgan mazkur dasturda O‘zbekistonda mohi Ramazon an’analari, oila va do‘stlar davrasida o‘tkaziladigan iftorlik xususiyatlari, respublikadagi millatlararo do‘stlik va totuvlik, shuningdek, bu yo‘nalishdagi davlat siyosati haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbariyatining mamlakat xalqining boy madaniy, tarixiy va ma’naviy merosi, milliy va diniy qadriyatlarini asrab-avaylash, Islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etish, o‘zbek xalqining Xorazmiy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va boshqa buyuk namoyandalarining dunyoda islom sivilizatsiyasi va ilm-fani rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi bilan dunyo jamoatchiligini tanishtirish borasidagi sa’y-harakatlari alohida e’tiborga sazovor ekani e’tirof etildi.
Shuningdek, dastur davomida Indoneziyada o‘zbek me’morlik uslubi asosida aprel oyida qurib foydalanishga topshirilgan “Imom Buxoriy” jome masjidi haqida ham fikr yuritildi.
Yurtimizga nisbatan bu kabi e’tibor, qolaversa, xalqimizning o‘ziga xos milliy qadriyat va urf-odatlarining e’tirofi har birimizga milliy g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Muhtarama Komilova, O‘zA