Milliy terma jamoa yig‘ini – Namanganda
Sportning nafis turlaridan biri sanalgan suv polisi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni kunlarda Namangan viloyati suv sportiga ixtisoslashtirilgan sport maktabi va “Okean” suv sporti saroyida navbatdagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini amalga oshirmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlarining yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun O‘zbekiston “Aquatics” federatsiyasi tashabbusi bilan Belarus davlatidan yuqori malakali murabbiy Gennadiy Kajemyakin taklif etilgan. Ushbu mutaxassis o‘zining boy tajribasi, zamonaviy tayyorgarlik usullari va individual yondashuvi orqali sportchilarga mahorat saboqlarini bermoqda.

Mashg‘ulotlar davomida terma jamoa a’zolari texnik tayyorgarlik, o‘yin taktiksi, jismoniy bardosh va tezkor qaror qabul qilish bo‘yicha maxsus dastur asosida shug‘ullanmoqda. Shuningdek, sportchilarning psixologik tayyorgarligini oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 2 dekabriga qadar davom etadigan mazkur yig‘in milliy terma jamoamizning kelgusi xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.