Milliy qadriyatlarimiz namunasi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida Toshkent viloyatida amaliy ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu munosabat bilan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev O‘rta Chirchiq tumanidagi “Beshboy” mahallasida bo‘lib, mahalla faollari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda viloyat va tuman hokimligi mutasaddi rahbarlari, tegishli soha mas’ullari, mahalla yettiligi hamda fuqarolar ishtirok etdi. Shuningdek, ZOOM platformasi orqali barcha tuman va shahar hokimlari, boshqarma va tashkilot rahbarlari, mahalla raislari ham muloqotga masofadan ulandi.

Uchrashuv davomida viloyat rahbari mahallalardagi obodlik va sarishtalik holatini tanqidiy tahlil qildi. Ta’kidlanganidek, ayrim hududlarda ko‘cha va ichki yo‘llarning holati, ariq-zovurlarni tozalash, xonadonlar atrofi va tomorqalardan unumli foydalanish borasida hali ham sustkashlik kuzatilmoqda. Obodonlashtirish faqat davlat tashkilotlarining vazifasi emas, balki har bir fuqaroning vijdoniy mas’uliyati ekani qayd etildi.
Oilalar o‘z xonadonini ozoda tutishi, tomorqani obod qilishi, ko‘cha va mahalla tozaligiga befarq bo‘lmaslik xalqimizning asrlar davomida shakllangan milliy qadriyati ekanini alohida ta’kidlandi. “Obod mahalla avvalo obod xonadondan boshlanadi” degan tamoyil bugungi islohotlarning ham mazmuniga aylanishi lozimligi qayd etildi.

Muloqotda ayrim rahbarlarning mahallalarga yetarlicha tushmayotgani, muammolarni kabinetdan turib hal qilishga urinayotgani ham tanqid ostiga olindi. Joylardagi har bir xonadonning holati, ehtiyoji va muammosini joyiga chiqib o‘rganish, aholining ishonchini amaliy ish bilan qozonish zarurligi aytildi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi tegishli rahbarlarga, tuman va shahar hokimlariga katta yo‘llar bo‘yidagi ko‘chalarni obod qilish, eng og‘ir mahallalarda har bir xonadonni xatlovdan o‘tkazish, umumxalq hasharlarini tashkil etish hamda mehr-saxovat tadbirlarini tizimli ravishda o‘tkazish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi. Shuningdek, viloyat bo‘ylab “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” va “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari bo‘yicha ko‘rik-tanlov e’lon qilindi.

Muloqot yakunida viloyat hokimi mahalla bo‘ylab yurib, xonadonlarga kirdi va u yerdagi obodlik, tomorqalardan foydalanish va sarishtalik holatini joyida ko‘zdan kechirdi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri