Milliy preventiv mexanizm doirasida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha huquqiy bazani takomillashtirishda parlamentning roli
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirliklar, huquqni muxofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar va Oʻzbekistondagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
2020-yil 6-oktyabr kuni shu mavzuda xalqaro onlayn-seminar boʻlib oʻtdi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Parlamentlararo ittifoq, Oʻzbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Xalqaro onlayn-seminarni oʻtkazishdan maqsad – qiynoqlarning oldini olishda parlament rolini oshirishdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Parlamentlararo ittifoqning Inson huquqlari boʻyicha dasturlari rahbari Rojer Xuzenga, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Jon MakGregor onlayn anjuman ishtirokchilarini qutladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirliklar, huquqni muxofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar va Oʻzbekistondagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro ekspertlar, jumladan, Parlamentlararo ittifoq vakili Ilya Novikov, Bristol universitetining Inson huquqlarini amalga oshirish markazi katta ilmiy xodimi Debra Long (Buyuk Britaniya), BMT Qiynoqqa qarshi kichik qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Viktor Zaxariya, BMT Qiynoqqa qarshi qoʻmitasining sobiq aʼzosi Georgiy Tugushi, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining qiynoqlarning oldini olish boʻyicha maslahatchisi Laura Jefri soʻzga chiqdi. Shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bola huquqlari boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakillarining maʼruzalari tinglandi.
Tadbirda dunyo boʻylab har yili minglab insonlar sababsiz qiynoqlar oqibatida jabrlanayotgani tashvish bilan qayd etildi. Jabrdiydalar asosan mahkumlar va qamoqda saqlanayotganlardan iborat boʻlib, ular orasida hatto yosh bolalar ham borligi achinarlidir.

Oʻzbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995-yilda ratifikatsiya qilgan. Mamlakatimiz inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yoʻl qoʻymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir oʻz xalqaro majburiyatlarini bajarish yoʻlida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonning ahamiyati alohida qayd etildi. Xorijiy ekspertlar eʼtirof etganidek, ushbu hujjat jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan, qamoqqa olingan, shuningdek, maʼmuriy qamoq jazosini oʻtayotgan shaxslar huquqlari hamda erkinliklarini tashkiliy-huquqiy taʼminlash boʻyicha kompleks normativ hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun qulay zamin yaratdi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston oʻz xalqaro majburiyatlarini bajarish doirasida BMTning Qiynoqlarga qarshi qoʻmitasiga beshta maʼruza taqdim etdi. Mamlakat delegatsiyasi 2019-yil noyabr oyida BMT Qoʻmitasining qiynoqlarga qarshi 68-sessiyasi ishida ishtirok etdi. Sessiyada BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi qoidalarini bajarish boʻyicha Oʻzbekistonning beshinchi davriy maʼruzasi koʻrib chiqildi. Bu borada Qoʻmitaning yakuniy xulosasi va tavsiyalari berildi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlament nazoratini mustahkamlash va qonun ijodkorligi faoliyatini rivojlantirish borasida muhim qadamlar qoʻydi. Natijada mamlakat huquqiy poydevorini yana-da mustahkamlash uchun yaxshi sharoitlar yuzaga keldi.
Eng avvalo, aholining turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha vazifalarni bajarish uchun ilgʻor xorijiy tajriba muvaffaqiyatli joriy etilmoqda. Parlamentning bu boradagi asosiy yutuqlari sifatida:
birinchidan, BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish boʻyicha “Yoʻl xaritalari”ni qabul qilish;
ikkinchidan, inson huquqlari va fuqarolik jamiyatining milliy institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlash;
uchinchidan, BMTning shartnomaviy organlariga taqdim etish uchun milliy maʼruzalar tayyorlash boʻyicha maslahatlashuvlarda ishtirok etish;
toʻrtinchidan, BMT tadbirlarida, xususan, Inson huquqlari boʻyicha kengashda Oʻzbekiston Milliy hisobotini koʻrib chiqishda ishtirok etish bilan bogʻliq samarador faoliyatini taʼkidlash oʻrinlidir.
Ayni paytda BMT shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish boʻyicha bir qator “Yoʻl xaritalari” amalga oshirilmoqda.
Parlamentlararo ittifoq vakili I.Novikov taʼkidlaganidek, Parlamentlararo ittifoq soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida erishilgan muhim oʻzgarishlarni ijobiy qayd etmoqda. Xususan, qiynoqlarga qarshi kurashish va xalqaro tavsiyalarning bajarilishiga doir natijalar jahon hamjamiyatining alohida eʼtiboriga sazovor boʻldi.
Bristol universitetining Inson huquqlarini amalga oshirish markazi katta ilmiy xodimi D.Long qayd etganidek, BMT Qoʻmitasining yakuniy xulosalari 70 banddan iborat boʻlib, unda Oʻzbekiston hukumati tomonidan qiynoqlarning oldini olish sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlarga baho berilgan. Hujjatda, shuningdek Qoʻmitaning ushbu sohadagi vaziyatni yana-da yaxshilash boʻyicha tavsiyalari oʻz aksini topgan.

Oʻz navbatida, BMT Qiynoqqa qarshi kichik qoʻmitasi raisining oʻrinbosari V.Zaxariya Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida sud-huquq sohasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini olqishladi.
Shuningdek, anjuman davomida Oliy Majlis tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash, qiynoqlarning oldini olish sohasida qonunchilik ijrosini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini faol amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui bajarilayotgani taʼkidlandi.
BMTning Qiynoqqa qarshi qoʻmitasining sobiq aʼzosi G.Tugushi inson huquqlari va erkinliklari sohasida Oʻzbekiston erishayotgan amaliy natijalarni eʼtirof etdi. Xususan, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya qabul qilinishi mamlakatda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga hamda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsi yana-da mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish kabi ustuvor vazifalar belgilab olingani diqqatga loyiqdir. Oʻzbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar boʻyicha dunyoning 50 yetakchi mamlakati qatoriga kirish uchun intilmoqda.
Ayniqsa, G.Tugushi mamnuniyat bilan taʼkidlaganidek, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga, shuningdek, qiynoqlarning oldini olish boʻyicha institutsional mexanizmlarni takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Qiynoqning oldini olish qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etish va BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishi masalalari Milliy strategiyaning ushbu sohadagi asosiy ustuvor vazifalari ekanligi eʼtiborga molikdir.
YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining qiynoqlar oldini olish boʻyicha maslahatchisi L.Jefri taʼbiri bilan aytganda, mazkur xalqaro seminar qiynoqlarning oldini olish boʻyicha parlament rolini oshirish va qonunchilik bazasini takomillashtirish toʻgʻrisida munozara oʻtkazish nuqtayi nazaridan dolzarb ahamiyatga ega.
Xalqaro ekspertlar tomonidan Oʻzbekiston bu borada keyingi davrda quyidagi yoʻnalishlarda qoʻlga kiritgan ijobiy natijalar:
– protsessual qonunchilikni buzgan taqdirda, shu jumladan, qiynoqlar yoki psixologik va jismoniy bosimni qoʻllash orqali olingan dalillardan foydalanishni taqiqlash, dalillarni soxtalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash;
– Xabeas korpus institutini qoʻllash koʻlamini kengaytirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish;
– qiynoqlar oldini olish boʻyicha Milliy mexanizm yaratish;
– gender tengligi va ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi qonunlar qabul qilinganligi alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston tomoni bilan amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi. Bunda, anjuman ishtirokchilari eʼtibor qaratganidek, xorijiy tajribani hisobga olgan holda, Milliy preventiv mexanizm doirasida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston
Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.