Milliy musiqa sozlarini ta’mirlash va yaratishga umrini baxsh etgan usta
Andijonlik sozgar usta Abdumalik Madraimov madaniyatga, san’atga ishtiyoqi tufayli qariyb 50 yildirki, xalq hunarmandchiligining milliy musiqa sozlarini ta’mirlash va yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Natijada IX-XVI asrlarda bobokalonlarimiz tomonidan yaratilgan keyinchalik unutilib ketgan tarixiy mumtoz musiqa asboblarining nusxalarini qaytadan tiklab kelmoqda hamda ularning yangi zamonaviy nusxalarini yaratish bilan shug‘ullanmoqda.
Usta ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan 37 xildagi musiqa asboblarini qayta ishlash va takomillashtirishga erishgan.
Usta Abdumalik Madraimov o‘zining 44 yillik faoliyati davomida Abu Nasr Forobiy, Al Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi siymolarning ilmiy-falsafiy va badiiy, tarixiy asarlarini qunt bilan o‘rgandi. Ayniqsa, Kamoliddin Behzod miniatyuralarida aks ettirilgan soz va sozandalar ustaning qiziqishini yanada kuchaytirdi.

Shunga ko‘ra, uzoq yillik mehnati evaziga «G‘ijjaki Boburiy», «Dilrabo», «Dilnavo», «Meros», «Xushnavo», «Qo‘shtor» deb nomlangan ajoyib sozlar kashf etdi. Yaratilgan yangi sozlarning tovush tebranishlari malakali mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
– Tayyor mahsulotning har birining sozi talab darajasidami-yo‘qmi birma-bir sinovdan o‘tkazamiz, – deydi Abdumalik Madraimov. – Bu nozik ishni hech kimga ishonmasdan, faqat o‘zim bajarardim. Mana endi nabiralar, shogirdlar yonimga kirdi, mas’uliyatni mendan-da ziyoda his qilishadi. Bugungi kunga qadar 40 dan ortiq shogirdlar tayyorladim. 1996 yildan boshlab milliy musiqa asboblarining noyob hamda yagona kolleksiyasini yaratish borasidagi ishlarini nihoyasiga yetkazdik. 1997 yildan boshlab musiqa maktablari va san’at bilim yurtlari uchun ham cholg‘u asboblari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik.
Hozirda cholg‘u asboblarimizni “G‘ijjaki Boburiy” brendi bilan yasayapmiz. Bugungi kunda korxonamizda Yevropa cholg‘u asboblarini tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, skripka musiqa asbobi xorijdan keltirilar edi. O‘zimizda tayyorlasak, qanday bo‘larkan deb o‘ylab qoldim. Avvaliga tarixi bilan qiziqdim, o‘rgandim. Harakatlar zoye ketmadi. Ayni kunlarda skripkaning turli xil ko‘rinishdagisini yasamoqdamiz. Buyurtmachilar safi kengaymoqda. Chet elga eksportni boshlab yubordik.
Yaqinda “Amir Temur va Temuriylar davridagi cholg‘ular” nomli asarim nashrdan chiqdi. Unda milliy cholg‘ularning tarixi, ularning yaratilishi, shakl-shamoyili haqida keng ma’lumotlar berilgan.
Usta yaratgan mumtoz sozlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida, Andijondagi Zaxriddin Muhammad Bobur nomidagi muzeyning doimiy ko‘rgazmasida, nafaqat yurtimizda, balki Angliya Qirollik muzeyida hamda Yaponiya san’at muzeylaridan ham o‘rin olgan. Usta va uning shogirdlari respublikamizda o‘tkazilayotgan barcha ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Abdumalik Madraimov respublikada «Eng yaxshi hunarmand» nominatsiyasining laureati bo‘lishga erishdi.
Hozirda ustadan zamonaviy texnologiyalar asosida cholg‘u asboblari tayyorlash sirlarini o‘rgangan 20 dan ortik yoshlar “G‘ijjaki Boburiy” oilaviy korxonasida musiqa asboblarini ishlab chiqarish bo‘yicha shug‘ullanadi.
Abdumalik Madraimov 45 yillik ilmiy izlanishlari natijasida yuqorida nomlari keltirilgan cholg‘u asboblari qatoriga “G‘ijjaki Boburiy” cholg‘u asbobining hozirgi kun talablariga mos keladigan “G‘ijjaki Boburiy alt” “G‘ijjaki Boburiy Bas”, “G‘ijjaki Boburiy Kontrabas” kabi cholg‘u asboblari ixtiro qilinib, “G‘ijjaki Boburiy” oilaviy korxonasi tomonidan ishlab chiqarish boshlandi va bugungi kunda Gliyer nomli ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi hamda Andijon musiqa va san’at bilim yurtida foydalanilmoqda.
Ustaning maqsadi milliy musiqa asboblari hamda ularning noyob kolleksiyalarini yaratish va “Temuriylar davridagi cholg‘u asboblari” kitobini nihoyasiga yetkazishdir. U yo‘qolib borayotgan an’analarimizni qayta tiklash orqali kelajak avlodga yetkazish ishtiyoqi bilan yashamoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA