Milliy liboslar, kiyinish madaniyati targ‘ib etilmoqda
Andijonda haftaning har juma kunida milliy liboslar targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Xon atlas” kunlari o‘tkazib boriladi.
Andijon viloyati hokimligi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan aholi, ayniqsa, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, o‘zbekona kiyinish madaniyati, milliy libos va an’analarimizni keng targ‘ib etish maqsadida viloyatning barcha tuman va shaharlarida – korxona, tashkilot, muassasalar hamda ta’lim maskanlarida “Xonatlas” kunlari o‘tkazilishi an’anaga aylanmoqda.
Milliy mafkura va ma’naviy qadriyatlarni shakllantirish, yoshlar tarbiyasida kiyinish madaniyatini to‘g‘ri yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, atlas, adras, beqasam singari matolardan tikilgan milliy liboslarimiz ko‘rkam va o‘ziga xosligi bilan har qanday kishini hayratga soladi.
– Milliy liboslarimiz, kiyinish madaniyatini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan “Xon atlas” kunlari yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh qizlarimizning o‘zbekona liboslarga bo‘lgan qiziqish va hurmatini oshirishga yordam beradi, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova. – Shu kunlarda joylarda milliy liboslarni targ‘ib etish, qiz va ayollarimizning kiyinish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazildi. Ishonamanki, ushbu tashabbus keng quloch yozadi, yanada ommalashadi.
[gallery-21144]
Bir guruh rahbar ayollar, o‘qituvchi va turli tashkilotlarda ish olib borayotgan faol hamda tashabbuskor opa-singillarimizning shu kuni ishga milliy libosda kelgani, yoshlar bilan kiyinish odobi va madaniyati bo‘yicha suhbatlar o‘tkazganliklari alohida e’tirofga munosibdir.
Doimiy o‘tkazib boriladigan “Xon atlas” kunlari yoshlar qalbida milliy libos, qadriyat va urf-odatlarimizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga, kiyinish madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari