Milliy hunarmandchilikka umrini bag‘ishlagan ayol
Shirin shahrida istiqomat qiluvchi Muhabbat Qo‘shmonova qariyb yarim asrdan buyon xalqimizning noyob hunarmandchilik an’analarini asrab, uni yosh avlodga o‘rgatib kelmoqda.
Zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Kechagina har bir xonadonda uchraydigan qo‘lda to‘qilgan gilamlar, kashtali so‘zanalar, quroq ko‘rpalar, milliy do‘ppilar va bezak buyumlari bugun kamyob hunar namunalariga aylanib bormoqda. Ana shunday sharoitda milliy merosni saqlashni hayotining mazmuniga aylantirgan insonlar borki, ularning mehnati alohida e’tirofga loyiq.

Shunday fidoyi hunarmandlardan biri Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida ijara uyda yashovchi Muhabbat Qo‘shmonova hisoblanadi. Uning milliy hunarmandchilikka mehr qo‘yganiga ellik yildan oshdi. Bu mehr tasodif emas. U ota-onasining hayoti, ularning mehnatsevarligi va sabr-matonatidan boshlangan.

Muhabbat opaning ota-onasi asli Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi Bog‘ishamol qishlog‘idan. Hayotning og‘ir sinovlari tufayli ular Mirzaobod tumanidagi, hozirgi Toshkent mahallasiga ko‘chib kelib, qishloq xo‘jalik sohasida mehnat qilgan. Otasi Mamatqobil bobo mohir suvchi, onasi esa ilg‘or paxtakor sifatida el hurmatiga sazovor bo‘lgan.

— Hunarmandchilikning ilk sirlarini onamdan o‘rgandim. Keyinchalik Mirzaobod tumanida yashagan Zarhal momom, qarindoshlarimiz va ustozlarimdan hunar sirlarini puxta egalladim. Shu kungacha ularning duosi va mehnati meni qo‘llab kelmoqda, — deydi Muhabbat Qo‘shmonova.
U Mirzaobod tumanidagi 11-maktabni tamomlab, tibbiyot bilim yurtida tahsil oldi. 1986-yildan boshlab qariyb yigirma besh yil davomida Shirin shahar tibbiyot birlashmasida akusherka bo‘lib mehnat qildi. Biroq shifoxonadagi mas’uliyatli ish milliy hunarmandchilikka bo‘lgan mehrini so‘ndirmadi.
Ishdan bo‘sh vaqtlarini gilam to‘qish, kashta tikish, yangi naqshlar yaratish va qadimiy hunarlarni o‘rganishga bag‘ishladi.

Bugun Muhabbat Qo‘shmonova o‘zbek xalq amaliy san’atining o‘nlab yo‘nalishlarini mukammal o‘zlashtirgan ustalardan biri hisoblanadi. U julxirs, palos, terma gilam, g‘ajari, qoqma gilam, taqir gilam, oq enli gilam, qo‘lda to‘qilgan jun va ipak gilamlar tayyorlaydi. Shuningdek, so‘zanalar, quroqchilik buyumlari, kashtali dasturxonlar, milliy liboslar, atlas va adras ko‘ylaklar, kamzullar, choponlar, Jizzax uslubidagi lola naqshli do‘ppilar, namat, sumka, savat va milliy suvenirlar ham uning qo‘l mehnati mahsulidir.
Har bir buyumda xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, milliy naqshlar jozibasi va ayol qalbining nozik didi aks etadi.
2013-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan respublika hunarmandlar ko‘rgazmasida Muhabbat Qo‘shmonovaning ishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Uning qo‘l mehnati bilan yaratilgan buyumlari mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda xorijlik mehmonlar tomonidan ham yuqori baholandi.

Bu e’tirof hunarmand uchun yangi marralar sari intilishga turtki bo‘ldi. Biroq faoliyatini kengaytirish, ustaxona tashkil etish va shogirdlar tayyorlash borasida kutilgan amaliy ko‘makka erisha olmadi.
Shunga qaramay, Muhabbat opa hunardan voz kechmadi. Aksincha, o‘z bilim va tajribasini yoshlarga o‘rgatishni burch deb bildi. Bugunga qadar u yuzdan ziyod qiz-yoshlarga milliy hunarmandchilik sirlarini o‘rgatdi. Qizi Madina ham onasining izidan borib, zamonaviy makrame texnikasida interer buyumlari tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda.
— Eng katta orzum — ustoz-shogird maktabini tashkil etish. Agar mahalliy hokimlik, viloyat hunarmandlar uyushmasi, oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan amaliy ko‘mak bo‘lsa, o‘nlab yoshlarga yo‘qolib borayotgan hunar turlarini o‘rgatgan bo‘lardim. Bu orqali momolarimizdan meros bo‘lib kelgan milliy hunarmandchilik an’analari yanada rivojlanardi, — deydi Muhabbat Qo‘shmonova.
Bugun u to‘rt nafar qiz farzand, o‘n ikki nafar nabiraning mehribon onasi va buvisi. Uning eng katta boyligi ham aynan shu — ahil oilasi va avloddan-avlodga o‘tib borayotgan hunar merosi.
Muhabbat Qo‘shmonovaning hayot yo‘li bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: milliy hunarmandchilikni asrash faqatgina kasb emas, balki xalq tarixi, madaniyati va ma’naviyatini kelajakka yetkazishdek ulug‘ missiyadir. Ana shunday fidoyi insonlar bor ekan, xalqimizning boy amaliy san’at an’analari bardavom bo‘lib, kelgusi avlodlarga ham bekamu ko‘st yetib boradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri