Milliy gvardiya vakillari G‘allaorolda
Aholi orasiga kirib borish, holidan xabar olish, xalq bilan muloqot qilish, talab va istaklarini ro‘yobga chiqarish, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bugungi har bir katta-kichik rahbarning zimmasida turgan eng muhim vazifa va mas’uliyatga aylandi.

Qish mavsumini betalafot o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar holidan xabar olish maqsadida O‘zbekiston Respublika Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S.Mamayusupov, Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik A.Ibrohimov hamda Milliy gvardiya Jizzax viloyati qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i polkovnik O.Amirov G‘allaorol tuman tibbiyot birlashmasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, bemorlar bilan muloqot qildi.

Shifoxonada bemorlarga ko‘rsatilayotgan muolajalar sifati, dori-darmon ta’minoti, isitish tizimi holati bilan yaqindan tanishdi. Yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, tuman markaziy dehqon bozori hududida tashkil etilgan arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasida sotilayotgan mahsulotlar ta’minoti, narx-navosi va sifati, mashina traktor parki binosida saqlanayotgan kortoshka zaxirasi, tumandagi ko‘mir zaxirasi, suyultirilgan gaz quyish shoxobchasining faoliyati yaqindan o‘rganildi.

Xizmat safari yakunida Milliy gvardiya vakillari tumandagi “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, mahalla faollarining ish faoliyati bilan ham atroflicha tanishdi va ularga tavsiyalarini berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA