Millatimizni ruhlantirgan ezgu tashabbus
Gapning dangalini aytganda, millatimizning eng og‘riqli va hal etmog‘imiz kun tartibida turgan muammolardan biri o‘zbek tilini chin ma’noda millat tiliga aylantirishdek dolzarb masalalardan biri edi.
Gapning dangalini aytganda, millatimizning eng og‘riqli va hal etmog‘imiz kun tartibida turgan muammolardan biri o‘zbek tilini chin ma’noda millat tiliga aylantirishdek dolzarb masalalardan biri edi.
Aslida shu yurtda yashab turib tilni asrash haqida gapirishning o‘zi juda g‘alati. Xizmat yuzasidan ko‘plab xorijiy davlatlarda bo‘lganmiz, chet elliklar bilan suhbatlashganmiz. Xorijliklarni hayratlantiradigan jihati shuki, shunchalik boy tilga e’tibor negadir sezilmaydigan, ko‘zga tashlanmaydigan darajada edi. Ayniqsa, bu holat shahar markazlarida bilinadi. Nomlanishidan tortib tashkilot manziligacha o‘zga tilda yozilgan joylarga ko‘pchiligimizning ko‘zimiz tushgan. Odamga alam qiladigani, o‘sha yerda ishlayotganlarning deyarli barchasi ona tilidan uncha-muncha yo xabardor, yoki xabardor emas.
Kuni kecha poytaxtimizning muhtasham Xalqaro Kongress markazida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirida ishtirok etib, juda katta hayajon va iftixor tuydim. Sababi, tariximizga qarasak, o‘zbek tiliga bunday e’tibor bo‘lgan emas. Tantanada nazarimda barcha ishtirokchi hamyurtlarimizning ko‘ngli tog‘lar qadar yuksaldi. Yuraklari g‘ururga to‘ldi, ruhlandi. Bu tuyg‘u endilikda xalqimizning qalbiga ko‘chgani sira mubolag‘a emas.
Prezidentimizning 2019 yil 21 oktabr kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Farmonga binoan 21 oktabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Tantanali marosimda e’lon qilingan ushbu xushxabarni nainki yig‘ilish qatnashchilari, balki butun xalqimiz katta quvonch bilan kutib oldi. Bu ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbek tili tarixida yangi davrni – yasharish davrini boshlab bergan qaror bo‘ldi. Tilini e’zozlagan xalq o‘zligini, qadriyatlarini e’zozlaydi.
"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir". Davlatimiz rahbarining ma’ruzasida yuqoridagi fikrlar qayta-qayta takrorlanishi bejiz emas.
Bu yil 21 oktabr sanasi mamlakatimizda tilimiz rivojiga oid tadbirbozliklar bilan emas, aniq, masalalarning yechimini nazarda tutgan ishlar bilan esda qolarli bo‘ldi. Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmoniga muvofiq 21 oktabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinishi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etiladigan bo‘ldi. Hujjatga muvofiq, ikki oy muddatda xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasini tashkil etish bilan bog‘liq tashabbuslar ham o‘rin olgani diqqatga sazovordir. Bu tuzilmalar o‘zbek tilining mavqeini asrash uchun xizmat qilishiga ishonamiz.
Agar ishga tizimli yondashib, barchamiz kasbimizdan qat’i nazar, birgalashib harakat qilsak, albatta, maqsadga erishamiz. Rostini aytganda, muammolarimiz yetarli. Buni o‘zimiz ham bilamiz. Ushbu tarixiy hujjat barcha tarixiy masalalarni tag-tugi bilan yechishga kalit bo‘lishiga ishonamiz.
Nodirbek JO‘RAQO‘ZIEV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bo‘lim boshlig‘i.