MIB xodimlari bolajonlarga shodlik ulashdi
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan jajjilarni bayram bilan qutlash maqsadida yo‘qlovlar tashkil etildi.
Byuroning Namangan shahar bo‘limi davlat ijrochilari xonadonlarga borib bolajonlarga sovg‘alar, yumshoq o‘yinchoqlar ulashildi.

–Sud qaroriga asosan bir farzandimga aliment undirish belgilangan, – deydi Namangan shahrining Dashtbog‘ mahallasida yashovchi Aziza Murodbekova. – Hududga biriktirilgan davlat ijrochi oyma-oy farzandim moddiy ta’minoti uchun mablag‘ni undirib beryapti. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan farzandimga o‘yinchoqlar tuhfa etilgani ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi.
Mazkur mahallada istiqomat qiluvchi Dilfuza Jabborova yolg‘iz o‘zi ikki nafar farzandni voyaga yetkazmoqda. Bayram munosabati bilan ushbu oila ham yo‘qlanib, kichkintoylarga koptok va o‘yinchoqlar tortiq etildi. Byuroning Yangi Namangan tumani bo‘limida bolajonlar bayrami o‘zgacha nishonlandi, ya’ni byuroga kelgan oilalar farzandlariga bayram sovg‘alari topshirildi.

Albatta, farzand hayotimiz mazmunining ajralmas qismi. Bolalar o‘z tabassumi orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadi. Byuroning Yangi Namangan tumaniga ijro hujjati yuzasidan murojaat qilgani kelgan fuqarolarni farzandlariga alohida e’tibor qaratilgani ularni mamnun qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA