MIB xabarlari – qisqa satrlarda
Ota aliment pulini olindan to‘ladi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi Chust tumani bo‘limi ish yurituvidagi aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash davomida qarzdor ota farzandlari moddiy ta’minoti uchun 5 yillik davr uchun oldindan pulni to‘lab berdi.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudining 2013 yildagi buyrug‘iga ko‘ra, fuqaro I.Z. dan undiruvchi D.G‘. foydasiga 2 nafar farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Qarzdor otaga pulni o‘z vaqtida to‘lab borishi kerakligi tushuntirilgan.
Qarzdor ota aliment mablag‘larini o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan edi. Davlat ijrochisi tomonidan I.Z.ga amaldagi tartibga ko‘ra, oldindan yoki voyaga yetgunga qadar moddiy ta’minotini to‘lashi mumkinligi tushuntirildi. U bundan xulosa qilib, aliment mablag‘larini bolalari uchun oldindan 5 yilligini to‘lashi yuzasidan Byuroga murojaat qildi. Mazkur murojaati o‘rganilib, uning farzandlari uchun oldindan 5 yillik hisob-kitob qilinganda 78 million 855 ming so‘mni tashkil etdi. Fuqaro I.Z. hisoblangan pullarni bir yo‘la to‘ladi va undiruvchi nomiga rasmiylashtirilgan plastik kartaga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
12 nafar o‘qituvchining ish haqi undirib berildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 2022 yil 19 fevraldagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor Mingbuloq tumani xalq ta’lim bo‘limidan, undiruvchilar 12 nafar muallim foydasiga 109 million 200 ming so‘m ish haqi undirish belgilangan.
Mazkur hujjat MIB tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan. Ijro harakatlari davomida, tuman XTBga qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun muddat berilgan. Lekin, qarzdorlik to‘lanmagach, ish majburiy ijro harakatlariga qaratildi. Natijada, qisqa muddatda o‘qituvchilarning ish haqlari yndirib berildi.
Aliment to‘lovchilar ishga joylandi
MIB organlari tomonidan aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda. Pop tumanining G‘urumsaroy qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasiga ish bilan band bo‘lmagan mehnat migrantlari va aliment to‘lovchilari taklif etildi.
Tuman prokuraturasi, MIB tuman bo‘limi va tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan yarmarkada 22 ta korxona va muassasa 315 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Yarmarka yakunlari bilan taklif etilgan 67 nafar mehnat migranti va aliment to‘lovchilarining 32 nafariga tashkilot, muassasalarga ishga yo‘llanma olishlariga ko‘maklashildi.
Farzandlari kelajagini unutmagan ota 115 million aliment to‘ladi

MIB Namangan shahar bo‘limi tomonidan yana bir aliment bilan bog‘liq hujjat ijrosi to‘liq ta’minlandi. Bunga, qarzdor ota 2 nafar bolasi voyaga yetgunga qadar hisoblangan summani to‘liq to‘lab bergani asos bo‘ldi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sud buyrug‘iga asosan B. A. dan undiruvchi M. Q. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, qarzdor shu paytgacha aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lab kelgan. Shuningdek, B.A. farzandlari voyaga yetgunga qadar bo‘lgan aliment pullarini oldindan biryo‘la to‘lab berish maqsadida davlat ijrochisiga murojaat qilgan.
Qarzdorning farzandlari 18 yoshga to‘lgunga qadar hisoblangan 115 million so‘m aliment puli undiruvchi nomiga rasmiylashtirilgan plastik karta orqali o‘tkazib berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA