MIB tomonidan 7 milliard so‘m maxsus daftarlarga yo‘naltirildi
Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning 6 oyida jami 695 milliard so‘mlik 71 ming 614 ta hujjat yuzasidan ijro tadbirlari amalga oshirilgan.
Bu haqda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etish sohasida joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Mardonovning ma’lumot berishicha, ushbu ijro ishlarining asosiy qismi, ya’ni qariyb 571 milliard so‘mlik 50 ming 514 tasini sud organlaridan kelib tushgan ijro huujjati, 124 milliard so‘mlik 21 ming 100 ta ijro hujjatini davlat soliq organlari, IIB, DSEOM va boshqa vakolatli organlardan kelib tushgan ijro hujjatlari tashkil etgan.
Mulkiy undiruvlarga oid ijro ishlari bo‘yicha amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida davlat foydasiga 72,4 milliard so‘m, yuridik shaxslar foydasiga 144,5 milliard so‘m, jismoniy shaxslar foydasiga esa 14,8 milliard so‘m pul mablag‘lari undirildi.

Shuningdek, soliq qarzini undirish bilan bog‘liq 2,5 mingta ijro ishi bo‘yicha 58,3 milliard so‘m, davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulklar ijrosi bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha 606,8 million so‘m mablag‘ undirilishiga erishilgan. Shu bilan birga jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq 14 ta ijro ishi bo‘yicha 80,6 million so‘m, jinoiy va ma’muriy jarima undirish bilan bog‘liq 10 mingga yaqin ijro ishi bo‘yicha 6,2 milliard so‘m undirildi.
O‘tgan davr mobaynida sud qarorlari asosida qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 152 nafar shaxs ishga tiklangan va to‘lanmay qolgan 757 million so‘mlik ish haqlari to‘lab berilgan.
– Jamiyatimizda oila qadriyatlariga yuzaki yondoshish, er-xotinning o‘zaro kelishmovchiliklari oqibatida ajrashib ketish holatlari o‘sishi natijasida alimentga oid ijro hujjatlari soni keskin ortmoqda, – deydi boshqarma boshlig‘i O.Mardonov. – Tahlillarga ko‘ra, 2017 yil 6 oyigacha bo‘lgan davrda tugatilgan sud departamentning viloyat ish yurituvida jami 6 ming 337 ta aliment undirish haqidagi ishlar mavjud bo‘lgan. Ayni vaqtda esa davlat ijrochilarining ish yurituvida qoldiqda bo‘lgan 38 ming 354 ta ijro hujjatining 11 ming 254 tasi aliment masalasiga oid ishlarni tashkil qiladi.
Tizim xodimlarining mavjud muammolarga o‘zgacha yondoshib, aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari yuzasidan aloqador tashkilotlar bilan oilalarni o‘zaro yarashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning hisobot davrida 230 oila yarashtirilgan. Amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 2,5 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berildi.
Aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ushbu toifaga kiruvchi 396 nafar aliment to‘lovchi ota ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligi ta’minlandi va aliment undiruvlari ularning ish haqlarini ma’lum miqdoriga qaratildi.
Shuningdek, 5 ta holatda aliment to‘lovlari pul mablag‘i, uy-joy, avtomashina va boshqa shaklda qoplanib, bolalarning voyaga yetguniga qadar ta’minoti to‘liq ta’minlandi va ijro hujjatlari ijrosi amalda tamomlangan.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talabidan kelib chiqib, yangi tizim asosida 2020 yilning 1 dekabridan boshlab davlat foydasiga undiruvlarning muayyan qismini “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bo‘yicha jamg‘armalarga yo‘naltirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Natijada joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida 7 milliard so‘m pul mablag‘lari maxsus daftarlarga undirilishi ta’minlandi.
Biroq erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, majburiy undiruv tadbirlarini amalga oshirishda mavjud resurs va imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayati.
– bugungi kunda boshqarma ish yurituvida mulkiy undiruvlar bilan bog‘liq 308,1 milliard so‘mlik 38 ming 354 ta ijro ishi, shu jumladan, davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq 48,4 milliard so‘mlik 14 ming 411 ta ijro ishi qoldiqda saqlanib kelmoqda, – deydi A.Mardonov. – Bunda byuroning Navoiy shahar, Karmana va Nurota tuman bo‘limlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni talab darajasida deb bo‘lmaydi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA