MIB: ijro hujjatlari ijrosi nazoratda
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonuni 42-moddasiga ko‘ra alimentlar undirish, zararni qoplash, zararni to‘lash yoki zararni davlat foydasiga undirish, shuningdek bolani olib qo‘yish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorning turgan joyi haqida ma’lumotlar bo‘lmaganda, davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdor shaxsga, uning mol-mulki yoki bolaga nisbatan qidiruv e’lon qilinishi belgilangan.
Qidiruv harakatlari dastlab ijro hujjatini ijro etish joyida, qarzdorning ma’lum bo‘lgan oxirgi yashash joyida yoki uning mol-mulki turgan joyida yoxud undiruvchining yashash joyida olib boriladi.
Qidiruv harakatlari Majburiy ijro byurosi organlari qidiruv xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Qidiruv e’lon qilingan qarzdor shaxs yoki mol-mulk topilmagunga qadar, ijro harakatlari to‘xtatib turiladi va ijro hujjati taqdiri qidiruv harakatlari natijasiga bog‘liq bo‘lib qoladi, chunki qarzdor shaxs yoki uning mol-mulki topilmagunga qadar ijro hujjati ijrosini ta’minlash imkoniyati bo‘lmaydi.

Ijro hujjati talablarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan qarzdorlarni topish va ularning mol-mulklarini aniqlash borasida Byuroning viloyat boshqarmasi qidiruv xodimlari tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Majburiy ijro Byurosining Buxoro viloyati boshqarmasi o‘tgan 2022 yil davomida qidiruvda bo‘lgan 576 nafar shaxslarning 267 nafari yoki 47 foizi hamda qidiruvda bo‘lgan 890 ta transport vositalarining 738 tasi yoki 83 foizi topilib, qidiruv harakatlari tugatilgan. Qidiruvdagi qarzdor shaxslarning asosiy qismi qo‘shni viloyatlar va Toshkent shahri hududida topilib, ularning javobgarlik masalasi hal qilingan.
Bundan tashqari, qidiruv tadbirlari davomida qidiruvda bo‘lgan 309 nafar shaxslardan 196 tasi yoki 63 foizi O‘zbekiston Respublikasi xududidan chetga chiqib ketganligi aniqlangan. Chet elga chiqib ketgan shaxslarni qidirib topish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi PQ-4895-son qaroriga asosan Minsk hamda Kishiniyov Konvensiyalariga muvofiq ahdlashuvchi tomonlar hududida istiqomat qiluvchi shaxslarning manzillari, ish joyi va daromadlarini aniqlash haqida huquqiy yordam berish to‘g‘risida tegishli organlarga so‘rovnomalar yuborilishi ta’minlangan.
Ijro hujjatlari Byuro organlari ish yurituviga kelib tushgunga qadar nizoli masala sudlarda bir necha bor muhokama qilinib, qonuniy to‘xtamga kelingan bo‘lsada, amaliyotda ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash jarayoniga xodimlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish va kuch ishlatish holatlari uchrab turibdi.
Achinarlisi, xodimlar faoliyatiga to‘sqinlik qilib, kuch ishlatgan shaxslarning ijro harakatlariga umuman aloqasi yo‘q, ular ijro hujjatlari bo‘yicha taraf ham hisoblanmaydi. Bunga misol qilib, qidiruvdagi qarzdorning yashash manziliga borgan qidiruv xodimlariga qarzdorning akasi oshxona pichog‘i bilan tashlangan holatni aytish mumkish.
Albatta, bunday salbiy holatlarga prokuratura organlari tomonidan huquqiy baho berilib, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal qilingan.
Hozirda, qidiruv e’lon qilingan qarzdorlar va mol-mulklarni topish borasidagi qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA