Meva-sabzavot yetishtirish ko‘paymoqda
Jizzaxda o‘tkazilayotgan hududiy meva-sabzavot yarmarkasida viloyatning barcha tumanlaridan 150 dan ortiq fermer xo‘jaligi va qayta ishlash korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish qilmoqda.
Jizzaxda o‘tkazilayotgan hududiy meva-sabzavot yarmarkasida viloyatning barcha tumanlaridan 150 dan ortiq fermer xo‘jaligi va qayta ishlash korxonasi o‘z mahsulotlarini namoyish qilmoqda.Yarmarkaning ochilish marosimida Birinchi Prezidentimizning shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va uni eksport qilishni kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Yarmarkada meva-sabzavot mahsulotlarini iste’molchilarga arzon narxlarda yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda yarmarkaga ulgurji savdo, tayyorlovchi, ijtimoiy soha tashkilotlari vakillari, xaridorlar taklif etildi.
– Bunday tadbirlar meva-sabzavot yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, eksportchi korxonalarga katta imkoniyat yaratishi shu yil poytaxtimizda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi natijalaridan yaxshi ma’lum, – deydi “Jizzax eksport-import” agrofirmasi rahbari I.Olimov. – Hududimizda ilk marotaba o‘tkazilayotgan yarmarka biz uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Yarmarka davomida fermerlar, tayyorlov korxonalari bilan mahsulotga xorijlik xaridorlar topish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Yarmarka yakunida “Eng namunali fermer xo‘jaligi”, “Eng namunali qayta ishlash korxonasi”, “Eng namunali eksportbop mahsulot ishlab chiqaruvchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi.