“Metodik mahorat kuni”ga start berildi (+video)
Surxondaryo viloyatidagi barcha tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Metodik mahorat kuni” tadbirlari boshlandi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, joriy yilning yanvar oyidan maktabgacha ta’lim sohasida pedagog kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida malaka oshirishning “Metodik mahorat soati”, tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat kuni” kabi tadbirlarni bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.
– Farmonda belgilangan tadbirlarni yuqori samaradorlik bilan amalga oshirish maqsadida viloyat bo‘yicha 22 ta tayanch maktabgacha ta’lim tashkiloti belgilab olingan, - deydi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Mirzaqulov. – “Metodik mahorat kuni” doirasida tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari trenerlari tomonidan boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari va seminarlar o‘tkaziladi. “Metodik mahorat soati” doirasida direktor o‘rinbosarlari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari faoliyati tahlil qilinadi, ularga metodik yordam ko‘rsatiladi va kasbiy rivojlanishi bo‘yicha tavsiyalar beriladi. Trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor o‘rinbosarlariga tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari huzuridagi maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armalari hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.
[gallery-21199]
Termiz shahridagi 9- hamda 31-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘lib o‘tgan ilk “Metodik mahorat kuni” doirasidagi malaka oshirish tadbirida 465 nafar direktor o‘rinbosari uchun o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’limning uzluksizligi hamda uzviyligini ta’minlash borasidagi masalalar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, ta’lim jarayoniga innovatsiyalarni, ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar haqida muhokama etildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BmZDK-hYGM0" title="“Metodik mahorat kuni”ga start berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat, video), O‘zA