Mers hukumatni yangilamoqchi
Germaniya kansleri Fridrix Mers hukumat tarkibida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu bayonot mamlakatdagi eng yirik siyosiy kuchlardan biri — Xristian-demokratik ittifoqining parlamentdagi rahbari Yens Shpan lavozimidan ketganidan keyin yangradi. Kansler partiyaning yangi yetakchisi iyul oyi oxiriga qadar aniqlanishi lozimligini bildirdi.
Berlindagi siyosiy doiralarda Kanslerlik idorasi rahbari Torsten Fray Shpanning asosiy vorisi sifatida ko‘rilmoqda. Agar u ushbu lavozimga tayinlansa, Mers o‘zining eng yaqin maslahatchilaridan biri hisoblangan Kanslerlik idorasiga ham yangi rahbar tanlashiga to‘g‘ri keladi. Bu esa hukumat tarkibida yana bir qator kadrlar almashinuviga yo‘l ochishi mumkin.
Masala sentabr oyida o‘tadigan Saksoniya-Anhalt, Berlin va Meklenburg–G‘arbiy Pomeraniya yerlaridagi muhim saylovlar arafasida yanada dolzarb tus oldi. Ayniqsa, “GFR uchun alternativ” partiyasi Saksoniya-Anhaltda ilk marta hududiy hukumatni boshqarish imkoniyati uchun kurashmoqda. Germaniya ichki xavfsizlik xizmati mazkur partiyaning ushbu hududdagi bo‘limini o‘ng ekstremistik tashkilot sifatida tasniflagan.
Yens Shpanning iste’fosi uning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq bahslardan keyin tezlashdi. U va turmush o‘rtog‘i Qo‘shma Shtatlarda surrogat onalik orqali farzandli bo‘lgani ma’lum bo‘lgach, jamoatchilik va muxolifat tomonidan tanqidlar kuchaydi. Tanqidchilar Shpanni Germaniyada surrogat onalikni qonuniylashtirishga qarshi chiqib kelganiga qaramay, o‘zi aynan shu usuldan foydalangani uchun ikkiyuzlamachilikda ayblamoqda.
Bu voqea Mers hukumatiga nisbatan bosimni yanada oshirdi. So‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, kansler faoliyatidan mamlakat aholisining atiga 13 foizi mamnun bo‘lib, bu uning lavozimga kirishganidan buyon eng past qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA