Mentorlar uchun o‘quv seminarlari
Namangan viloyatida “Dolzarb 90 kun” loyihasining maktabgacha ta’lim tashkilotlariga doir sohada faoliyat yuritayotgan pedagoglarni yangi dasturlar bilan ishlashga o‘rgatish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarining ikkinchi bosqichi yakunlandi.
Mazkur o‘quvlarda viloyatdagi 27 ta tayanch bolalar bog‘chalari mentorlari ishtirok etdi. Ular uchun ta’lim va tarbiya jarayonlariga innovatsion yondashuv, ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni joriy etish, xalqaro tajribalar asosida kasbiy rivojlanish hamda yangi dasturlar asosida metodik ishlanmalarni qo‘llash kabi mavzulardagi 18 soatlik mashg‘ulotlar olib borildi.

Bosqich yakunida mentorlar bilan uchrashgan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Muzaffar Mo‘minov ushbu o‘quvning maqsad-mohiyatiga to‘xtalib, natijalar bilan qiziqdi.

“Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida hududlardagi tayanch davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida davom ettiriladigan uchinchi bosqich o‘quvlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA