Mening mahallam – mening uyim
Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumani “Beruniy” MFYda “Mening mahallam – mening uyim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda turli sport musobaqalari ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishsiz fuqarolarning bandligiga qo‘maklashish maqsadida “Mehnat yarmarka”si tashkil etildi. Vazirlik huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tumandagi ishsiz, shuningdek "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari" hamda "Temir daftari"ga kiritilgan fuqarolarga subsidiyalar ajratildi. Tadbirda subsidiyalar o‘z egalariga topshirildi.
Jumladan, 9 nafar tadbirkorlik qilish istagini bildirgan ishsiz fuqaroga inkubator qurilmasini xarid qilish uchun 5,8 mln. so‘m, oq-turp poliz ekini ekishga ixtisoslashgan Xo‘ja-piskent MFYdagi 26 nafar fuqaroga urug‘ xarid qilish uchun 11,7 mln. so‘m subsidiya ajratildi. Shuningdek, 50 ta xonadonda band bo‘lmagan fuqarolarning tomorqadan unumli foydalanishi uchun yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishi uchun 250,0 mln. so‘m subsidiya ajratildi.
Vazirlik balansida bo‘lgan “Mehnat guzari”da bo‘sh turgan 1 ta xona tadbirkor Gulmira Jaynarovaga tikuvchilik yo‘nalishida faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ajratildi. Shu bilan birga, tadbirkorga ko‘maklashish maqsadida tikuvchilik kooperativi tashkil qilindi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 24,5 mln. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. Bu bilan “Beruniy” MFYda yashovchi 10 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shu maqsadda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 292,0 mln. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
– Bir necha yil avval uyda ishsiz edim, – deydi Nargiza Ahmedova. – Bugun esa kichik tadbirkorga aylandim. O‘z uyimda xotin-qizlar bilan birgalikda ayollar va bolalar kiyimlarini tikayapmiz. Hozir 4 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan bo‘lsam, kelajakda yanada ko‘proq ish o‘rni yaratmoqchiman

Shuningdek, tadbirda Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan monomarkaz “Ishga marhamat” tomonidan: tirnoq bezakchisi, kosmetologiya, ayollar va erkaklar sartaroshi, oshpazlik, xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarda kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazildi.
Tumanning “Paxtazor” mahalla fuqarolari yig‘inlarida bo‘sh turgan binoda ishsiz, shuningdek, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar uchun tikuvchilik yo‘nalishida yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 80 ta tikuv mashinasini xarid qilish uchun jami 1,0 mlrd. so‘m mablag‘lar moliyalashtiriladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA