Men yangi va baxtli hayotni tanlayman
Toshkent viloyati Olmaliq shahrida «Men yangi va baxtli hayotni tanlayman» mavzuida forum o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda viloyat ichki ishlar bosh boshqarmalari tomonidan Oliy Majlis Senati, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan forumda bugungi kunda O‘zbekistondagi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, ular o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi.
So‘nggi uch yilda mamlakatimizda xotin-qizlar ahvolini yaxshilash, ularning ijtimoiy himoyalanishini kuchaytirish, jamiyat rivoji va davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ma’lumki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Lekin xotin-qizlarning barcha sohalardagi samarali mehnati, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hisobga olib aytadigan bo‘lsak, jamiyatdagi o‘rni, O‘zbekistonimiz erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissasini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash, ta’lim olishini ta’minlash, hayotini yanada obod va farovon qilishga qaratilgan bir qancha farmon va qarorlar, Hukumat qaror va farmoyishlari qabul qilindi.
2019 yil 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi hamda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunlari qabul qilindi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organ hamda muassasalar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etgan, ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan, oilaviy muammolar, turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan ayollarni aniqlash, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik tadbirlarni o‘tkazish va shu orqali sog‘lom turmush tarziga qaytarish eng dolzarb masalaga aylandi.
Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida respublika, viloyat va tuman (shahar) ichki ishlar organlari tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etilganligi, ularga bevosita xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda qiyin ahvolga tushib qolgan har bir xotin-qizga yordam ko‘rsatishni tashkil etish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifalari yuklatildi.
Darhaqiqat, qaysi sohaga nazar tashlasak, albatta, u yerda ayollarning mehnat qilayotganligiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi va uning tizimlarida erkak xodimlar bilan bir safda, bir maqsad yo‘lida sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilayotgan nozik ta’b egalari bo‘lmish ayol xodimalar samarali xizmat qilib kelmoqda.
bugungi kunda ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilishi natijasida shaxsiy tarkibda ayollar ulushi deyarli 11 foizga yetdi.
Forumda ayollar o‘rtasida huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish masalasi doimiy e’tibor markazida turishi lozimligi qayd etildi. Bu borada, birinchi navbatda, ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, forumda ta’kidlanganidek, xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qilinadigan g‘ayrihuquqiy harakatlar zo‘ravonlik sifatida baholanib, jabrlanuvchi xotin-qizlar davlat himoyasiga olinib, ularga hududiy ichki ishlar organlarining mas’ul xodimi tomonidan «Himoya orderi» taqdim etiladi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA