“Men Turonning qadim qo‘ng‘irog‘imen”
Odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi, degan gapni ko‘p eshitamiz. Ammo men bu gapga ishonmayman.
Odamlar hamma vaqt kitob o‘qishadi. Shunday bir murakkab davrlar bo‘ladiki, odamlar undan biroz uzoqlashadilar, butunlay uzilmaydilar.
Bugun yoshlar kitobdan internetni afzal biladi, degan da’volar bor. Ehtimol. Ammo kitobning elektron shakli ham bor. Aslida internet ham ilmdir. Shunday ekan, yoshlarni bilimsizlikda, kitobdan uzoqlashganlikda ayblab bo‘lmaydi. Mutolaani sevadiganlar ko‘pligiga ishonaman. Vaqt g‘oyat qimmatli narsa. Mutolaaga ketadigan qimmatli vaqtingizni tom ma’noda huzurli lahzalarga aylantirmak uchun ushbu sahifa sizga yaqin ko‘makchi bo‘ladi. Chunki biz siz, aziz o‘quvchilarga eng sara asarlarni tanlashda yordamchi bo‘lamiz. Ayrim noshirlarning aytishlariga qaraganda, poetik asarlarning sotilishi dushvor emish. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Hammasi she’rlarni qanday taqdim qilishga bog‘liq. Buni qayerdan ham bilarding, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Buni bilaman, o‘z tajribamdan, kuzatishlarimdan kelib chiqib, ishonch bilan ayta olamanki, oramizda she’riyat ixlosmandlari ko‘p.
She’rda sehr bor. Men bir necha yuzlab insonlar o‘tirgan zalda she’r o‘qilganida pashsha uchsa eshitiladigan sukunatning guvohi bo‘lganman. Men asl she’r yangraganida buyuk daryo kabi guvrangan odamlarni ko‘rganman. She’rda sehr bor, she’rda mudroq dillarni uyg‘otguvchi qudrat bor. O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva ijodida, she’riyatida ana shunday sehr, qudrat bor:
Men Turonning qadim qo‘ng‘irog‘imen,
Jarang bersam qir-dalasi uyg‘onar…
Halima Xudoyberdiyeva haqida ko‘p yozildi. Men ular qatorida yangi bir so‘z aytishim qiyin. Undan keyin bu ulkan ijodkor haqida yozish uchun o‘zimni ko‘p-da ham haqli deb bilmayman. Men shunchaki shoira ijodini juda sevaman, ijodiga ehtiromim yuksak.
O‘tmishda xalqimiz ko‘p jafolarni boshidan kechirdi. Yaqin o‘tmishimizda, tinchlik davrida «sovet armiyasi» saflaridan temir tobutda keltirilgan farzandlar g‘am-anduhi, kulfati shoirni befarq qoldirmadi. U ona edi, ona shoir edi. Shuning uchun bu ulkan g‘amni bor dahshati bilan qalbidan o‘tkazdi, bor dahshati bilan his qildi va qog‘ozga to‘kdi:
«Ko‘nglimda ko‘nglimning ming sinig‘i bor,
Ko‘nglimda g‘amlarning o‘tkir tig‘i bor.
Yig‘i bor, oldinda katta Yig‘i bor,
Elning bolalari o‘lmas bekorga.
Obdan yuvgan bilan yuvilarmi qon,
Qotilidan qochib yo‘lga chiqqan jon.
Tobutlar sarson, armon-a, armon,
Bu bolalar qoni yozilmas qorga.
Bu kun tinch dengizday qalqsang-da tek, jim,
Qa’ringdan o‘kiriq kelmoqda, xalqim.
Ertaga bu jonsiz bolalar qalqib
Jonli vijdonlarni tortajak dorga!»
Ha, bu yaqin o‘tmishimizda yuz bergan edi. O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Yanvar Inoyatov o‘sha davr haqida so‘z ketganida shunday voqeani aytib bergan edi: «Dehqonobod tumanida ishlar edim. Bir qariya bo‘lardi, juda o‘ktam, gap kelsa, hech kimni ayab o‘tirmas, kamchiliklarni shartta yuzingga aytardi. Shu sababli u kishini eslab qolgan edim.
Bir kuni ishlab o‘tirsam, kabinet eshigi taraqlab ochildi-yu, ostonada o‘sha qariya paydo bo‘ldi. Avvalgi o‘ktamlikdan asar yo‘q, rangi bir ahvolda, ostonadayoq: «Bolam, bolam…» dedi-yu, gursillab ag‘darildi. Boshidan sallasi uchib, yoyilib ketdi… Sovet armiyasida xizmat qilayotgan o‘g‘li nobud bo‘lgan ekan. Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Ammo o‘sha polda yoyilib ketgan salla, gursillab daraxtdek qulagan oppoq sochli qariya hech yodimdan ko‘tarilmaydi…»
Xalqning, millatning bu cho‘ng dardi Halima Xudoyberdiyevaning o‘tli satrlarida bo‘y ko‘rsatgan. Shoir erk, hurriyatni eng yuksak pardalarda kuyladi. Hayotining so‘nggi yillarida shunday yozgan edi:
«Bari yolg‘on,
Shu yo‘lgina chin.
Bu yo‘lda yurmaysan, uchasan.
Faqat unda ketmoqlik uchun
O‘zing bor-yo‘g‘ingdan kechasan.
Otlanarkan tong yoki kechda,
Ichga to‘ldir ozodlik kuyin.
Bor lash-lushing birma-bir yech-da,
Boshdan-oyoq, HURLIKni kiyin!
ERKka to‘yin!»
Bilgich odamlarning aytishicha, shoirlar she’r yozganlarida o‘z dardlarini, qalb kechinmalarini qog‘ozga to‘kar ekanlar. Rostdan ham shundaymikan? Nega unda uning dardi mening dardimga o‘xshaydi, kechinmalari xuddi menimdek, quvonchi mening quvonchimdek?! Yo‘q, bunday bo‘lmasa kerak. Agar bu kechinmalar, tuyg‘ular yolg‘iz bir kishiga tegishli bo‘lganida hamma she’r yozardi. Ammo hamma yoza olmaydi. Qancha ko‘p kitob o‘qisam ham, minglab satr she’rlarni yod olsam ham men bir misra she’r bita olmayman. Chunki menga ilohiy ilhom berilmagan. Ilohiy ilhomlar bilan ayrim insonlargina siylangan. Halima Xudoyberdiyeva ana shunday ayrimlarning, tanlanganlarning biridir.
Ba’zan kichikkina bir she’r qalbingni ostin-ustun qilib yuboradi. Men shoirning bir qator she’rlarini takrorlab yurishni yoqtiraman. Bugun esa bittasiga to‘xtalmoqchiman. Aslida uning har bir she’ri, to‘rtliklari alohida-alohida olamdir. Biroq «Bu kunlarga yetganlar bor» kitobiga kiritilgan «Bir o‘rim soch tarixi» mendan tobora uzoqlashib borayotgan yoshlik xotiralarini yodga solishi bilan behad qadrlidir.
«Bir o‘rim soch tarixi» kichik doston bo‘lsa kerak. Men avval she’rga e’tibor bermadim. Pastdagi yozuvlarni o‘qiy boshladim:
«…bu – Sayram baxshining urchuq yigirib o‘tirib, aytgan «Bir o‘rim soch tarixi»ning aytuvi. Ko‘kayim kuyib, ko‘z yoshlarimni zo‘rg‘a tiyib, «Xolajon», deyman.
«Jon, bolam», deydi.
«Boshqa aytuvlaringizdan ayting», deyman.
«O, ular mening nolam-ku! Nola eshitishga toqatlaring yo‘qdirov, bolam», deydi.
«Aytaqoling», deyman.
«Unday bo‘lsa, – deydi Sayram baxshi, – o‘rmakning erish-arqovlarini yig‘ishtirib, men bir g‘ajarining ipini yigirib qo‘yuvdim. Hozir shuni quramiz. Sen erishini yugirasan, men o‘rmakning kuzuvini bog‘lab o‘tirib, bu qattiq boshimdan o‘tgan-ketgan aytuvlarimdan birdi-yarmini aytsam aytaqolay», deydi-da, navbatdagi aytuvini boshlaydi…»
Ha, men avval she’rga e’tibor bermadim. Meni shu parchaning o‘ziyoq o‘ziga ohanrabo kabi tortib oldi. Shu parchada onam bor edi, olis bolaligimni ko‘rdim! Urchuqda ip yigirayotgan onam, xayollariga bandi bo‘lib, atrof-olamni unutgan onam… Atrof-olamni unutganini qayerdan bilishimni bilasizmi? Men bola edim. Ba’zan onamning urchuq yigirishiga qarab o‘tirar edim. Bir vaqt uning ko‘zlaridan bir tomchi yosh yumalab tushdi, yaqinroq bordim, ikkinchisi yumalab tushdi…
«Yig‘layapsizmi?» dedim.
«Yo‘q, nega yig‘layman?», dedi menga qaramasdan.
«Unda bu nima?» dedim iyagida ilinib qolgan ko‘z yoshini qo‘llarim bilan sidirib.
«Ipning changidan...» dedi bir lahza urchuq yigirishdan to‘xtamay.
«Ipning changi nega mening ko‘zlarimga kirmaydi?» dedim hayron bo‘lib.
«Chang faqat kattalarning ko‘ziga kiradi…», dedi ma’yus jilmayib.
Hovlida o‘rmak o‘rnatilardi. Gilamga «Chumchuq ko‘zi» naqshini solib to‘qirdi. O‘sha paytlari ham «ot ustida o‘tirganday o‘rmak ustida o‘tirib» gilam to‘qiyotganida «ko‘zlariga chang kirganini» ko‘rganman. Va shunday qo‘shig‘i bor edi:
Oq shoyidan ko‘ylagim, ko‘k shoyidan ko‘ylagim,
Zolim yorning dastidan zardob bo‘lgan yuragim…
«Zolim yor» erta ketib, kech qaytadigan, biz deyarli ko‘rmaydigan, umrining katta qismi odamlar tashvishida dala-dashtda kechgan otam ekanligini qayerdan bilibman. Hozir ham «chumchuq ko‘zli» naqshlar bormikan, onam qo‘llarining izi qolgan gilamlar bormikan, hozir ham kimdir urchuqda ip yigirarmikan?..
Qarang-a, bir she’r meni ne ko‘ylarga solyapti?! «Bir o‘rim soch tarixi» bir qizning armonli… Yo‘q-yo‘q! Bu tarixni aytib bermoqchi emasman. Buni o‘zingiz o‘qing. Halima Xudoyberdiyevaning tanlangan asarlarida ham bor bu she’r.
O‘qiymiz:
«Yo falak, boshimga solding ne kunlar,
Ko‘zimning yoshini tindirmading-a.
Umrimga toshlardan tushdi tugunlar,
Birini yechmading, sindirmading-a!
Yetimlik ko‘ylagin kiydirdi Onam,
Uvuz etimdayoq kuydirdi Onam,
O‘z tengiga nikoh qiydirdi Otam,
Sho‘rim ey, otamga tengqurmidim-a!»
Ayol dardi… Urchuq iplari kabi uzun, o‘rmakning erish-arqovlariga singib, go‘zal naqshlarga ingan g‘am, umid kabi yorug‘ ranglar, kecha-kunduz, yo‘llar kabi adoqsiz o‘ylar. «Qarasam…bir o‘rim sochim, tekkan qon – El tindi, yel tindi, men tinmadim-a!»
Bu qanday soch edi, qon tekkan soch? Bilishni istasangiz (bilishingiz kerak, albatta), «Bir o‘rim soch tarixi»ni o‘qing. Javoningizni, qolaversa, qalbingizni bebaho saylanma, javohir bilan boyiting!
Inobat IBROHIMOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi.