Mehr va e’tibordan nurafshon dillar
Moddiy yordamga muhtoj kishilarga yordam qo‘lini cho‘zmoq elimizga xos milliy qadriyatlarimizdan. Yangi yil bayrami shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda bu xayrli an’ana yanada yorqinroq ko‘zga tashlanmoqda.
Namangan viloyatida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarning joylardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha takliflari qo‘llab-quvvatlanib, ular tuzgan ro‘yxat asosida boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi va yetim bolalari bo‘lgan xonadonlardan 400 nafariga bayramona quvonch ulashildi.
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida mehrga muhtoj xonadon sohiblari va ularning farzandlari uchun konsert dasturi uyushtirildi. Viloyat sektor rahbarlari tomonidan 18 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat Yangi yil sovg‘alari, bolajonlar uchun issiq kiyimlar taqdim qilindi.
Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan bu kabi savobli ishlar 2023 – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
[gallery-10082]
- Ishlab yurgan kezlarim tahririyat topshirig‘i bilan juda ko‘p ana shunday xayriya tadbirlariga borardim, yozishga kelganda juda qiynalar edim, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi Manzura Otaqo‘ziyeva. - Chunki, bolajonlar nigohlarida quvonchdan ko‘ra ko‘proq o‘ksinish, siniqishni ko‘rardim. bugungi tadbirga ijodkor sifatida emas, boquvchisini yo‘qotgan uch nabiraning buvisi sifatida bordim. Negadir yasatilgan archa mungli nur sochadi. O‘yin-kulgu qilayotgan bolajonlarning kemtikligi sezilib turadi.
Betobligi yoki jismoniy imkoniyati cheklangani sababli bayram tadbiriga kelolmagan o‘ksik dillar ham Yangi yil yo‘qlovidan bebahra qolmadi. Jurnalist va ijtimoiy tarmoq faollari sovg‘alarni o‘z egalariga yetkazdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA