Mehr va e’tibor inson tanlamaydi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi, Namangan tumani hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida "Mehr va e’tibor inson tanlamaydi" shiori ostida saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Muqaddas Qurbon hayiti munosabati bilan “Mahalla” fondi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator oilalarga oziq-ovqatlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa bir qator ijtimoiy yordamlar ajratib, ularni o‘z manzillariga yetkazib berdi. Jumladan, Namangan shahrining Diyor mahallasida yashovchi, 1940 yilda tug‘ilgan Ma’muraxon momoga keksalik sabab yurish-harakatlanishida muammolari borligi sababli nogironlik aravachasi topshirildi.

Namangan tumanida istiqomat qiluvchi 30 ta oilaga qutlug‘ ayyomni nishonlash uchun zarur bo‘lgan nogironlik ashyolari, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi zamirida azal-azaldan xalqimizga xos bo‘lgan saxovat, mehru oqibat fazilatlari natijasida hayotda ma’lum sabab bilan moliyaviy muammolarga yuz tutgan xonadon sohiblariga quvonch baxsh etilganida ko‘rish mumkin.

Ko‘lbo‘yi mahallasida yashovchi, 1951 yilda tug‘ilgan Mahmudjon Rahimov uzoq yillar tumandagi 8-sonli umumta’lim maktabida hamda Namangan davlat universitetida jismoniy tarbiya va sport fanidan o‘quvchilarga saboq bergan. O‘quvchilari orasida Odiljon Hamrobekov “Paxtakor” futbol jamoasi o‘yinchisi hisoblanadi. 2009 yilda suyak yemirilishini tashxis qilgan tibbiyot xodimlari tavsiyasiga asosan nogironlik aravachasiga extiyoj tug‘ildi, shu sababli otaxonga ham nogironlik aravachasi topshirildi.

Sho‘rqo‘rg‘on mahallasida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan Muhabbat Xo‘jayevaga tibbiyot xodimlari birinchi guruh nogironligini qayd etgan. Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganligiga qaramay yurish-harakatlanish tizimida muammolari mavjud. Ayni shu sababli nogironlik aravachasi berildi. Bugungi kunda Muhabbat ukasi Erkinjonning qaramog‘ida yashab kelmoqda.

– Hayit bayrami arafasida menga zarur bo‘lgan nogironlik aravachasini, oziq-ovqatlarni topshirishdi. Yoshligimdan paralij kasalligi bilan og‘riyman, – deydi bemor Muhabbat Xo‘jayeva. – Hanuzgacha harakatlanishda qiynalaman. Ko‘chaga chiqishga, qarindoshlar, qo‘shnilar bilan diydorlashishda ma’lum muammolar bor edi. Mana endi ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik natijasida muammolarim hal bo‘ldi. Tashkilotchilardan behad minnatdorman.

Qayd etish joiz, mazkur ezgulik tadbirlari Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasi tomonidan g‘olib deb topilgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan tumani bo‘linmasining "Mehr va e’tibor inson tanlamaydi" mavzusidagi grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Bu kabi tadbirlar “Mahalla” fondi tomonidan barcha shahar va tumanlarda amalga oshirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA