Mehr-oqibat, saxovat bayrami
Ayni damlarda mamlakatimizning barcha hududlarida Yangi yil bayrami shukuhi hukmron. "Obod xonadon"," Obod ko‘cha", "Obod mahalla" mezonlari asosida obod va fayzli go‘shalarga aylangan mahallalarda ham yangi yil ko‘tarinki ruh, o‘zgacha tarovat bilan kutib olinmoqda.
Ikki kundan buyon Sirdaryo viloyati hokimi, senator Akmaljon Mahmudaliyev sektor rahbarlari hamrohligida "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlari asosida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan Boyovut tumanidagi Tinchlik, Xovos tumanidagi Oqchangal, Guliston tumanidagi Inoqlik, Sayxunobod tumanidag Yangi hayot,Oqoltin tumanidagi Mustaqillik mahallalarida bo‘lib, bir guruh nuroniylar va faollar bilan uchrashdi. Ular bilan suhbat qurib, Yangi yil bayrami bilan qutladi.


Ushbu mahallalarda umrguzaronlik qilayotgan yuz yoshdan oshgan piru badavlat otaxon va onaxonlar holidan xabar olinib,mahalla bolajonlariga bayram sovg‘alari ulashildi.
Kirib kelayotgan Yangi 2024 yilda yurtimiz tinch, xalqimiz yanada farovon, ishimizda unum va baraka bo‘lishini tilab duolar qilindi.


Bundan tashqari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman hokimlari boshchiligida tashkil etilgan guruhlar shifoxonalarda davolanayotgan, uylarida yotib qolgan bemorlar, ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi xonadonlariga borib ularga oziq-ovqat mahsulotlarini topshirib, Yangi yil bilan tabriklamoqda.

Muxtasar aytganda, Sirdaryo vohasida Yangi yil bayrami mehr-oqibat, saxovat bayramiga aylanib ketdi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev(surat),
O‘zA muxbirlari