Mehr nuri yogʻar doim
Xalqimizda “Ustoz otangdek ulugʻ” degan naql bor. Ustozlik martabasi har kimga ham nasib etavermaydi. Shogirdlarga ilm bergan inson yuksak vazifani zimmasiga olib, ulugʻ ishni amalga oshirgan boʻladi.
Xalqimizda “Ustoz otangdek ulugʻ” degan naql bor. Ustozlik martabasi har kimga ham nasib etavermaydi. Shogirdlarga ilm bergan inson yuksak vazifani zimmasiga olib, ulugʻ ishni amalga oshirgan boʻladi. “Haq yoʻlida bir harf oʻqutish”(A.Navoiy) oʻta mashaqqatli, masʼuliyatli va bir vaqtning oʻzida sharafli ishdir. Hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan boʻlsak, bu yutuqlarda ustozlarning beqiyos hissasi borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.
Quyidagi qaydlar maqola darajasida emas, ammo shu usulda oʻqituvchilarimga, ustozlarimga dil soʻzlarimni izhor qilishga qaror qildim.
1971-yilning 1-sentyabr kuni ilk bor maktabga chiqdim. Oʻrta maktabining birinchi sinfiga oyim rahmatli qoʻlimdan yetaklab olib chiqqanlar. Safga turgʻizib, biz sinfga kirib ketgunimizcha men bilan boʻlganlar. Biz oʻshanda hozirgi oʻquvchilar kabi ruchkada emas, balki siyohda yozadigan peroni ishlatardik. Birinchi ustozim Abdulla aka Murodov bizni uch oycha oʻqitgan. Undan keyin Ozoda Ibragimova oʻqita boshlagan. Toʻrtinchi sinfdan boshlab Aqida Sobirova(Abdullayeva), Xursand Xolov, Rahimberdi Hasanov, Mirpoʻlat aka kabi muallimlar rahbar boʻlgan sinflarda oʻqidim.
Men maktabda yomon ham emas, yaxshi ham emas oʻrtacha oʻqirdim. Matematikani koʻrarga koʻzim yoʻq edi. Keyinchalik Muhammad Yusufning “Matematikani yomon koʻraman” degan sheʼrini oʻqiganimda shoir bilan dardimiz bir ekanidan xursand boʻlganman. Faqat adabiyotni, tarixni, geografiyani, musiqani -umuman ijtimoiy fanlarni sevardim. Musiqa va ashulani sevishimga qaramay musiqiy notani va musiqa asboblarini chalishni oʻrgana olmadim. 7 sinfda algebra va geometriyadan Lesbek Darxanboyev degan qozoq oʻqituvchi dars berardi. Sidqidildan dars oʻtardi va menda matematikaga qiziqish uygʻotdi. Xudoybergan Tursunov ismli matematika oʻqituvchimiz ham yaxshi dars berardi. Sinfdoshlarim qattiqqoʻl oʻqituvchilarni yomon koʻrsa, menga qattiqqoʻl muallimlar nima uchundir yoqardi.
6 sinfda oʻqiyotganimizda maktabda “katta inqilob” yuz berdi. Olmaotadan institutni bitirib kelgan oʻqituvchi qizlar maktabni “agʻdar-toʻntar” qilib yuborishdi. Darsga kirishdan avval barcha sinf oʻquvchilari maktab hovlisida saf tortib, kichkina majlis oʻtkazilardi. Yosh boʻlishiga qaramay rus tilidan dars beradigan oʻqituvchi qizlar maktabda ancha tartib-intizom oʻrnatishgan va shu tariqa “xokimiyatni” qoʻlga olishgan edi.
Oʻshanda rus tilini oʻrganish uchun imkoniyatlar paydo boʻldi. Biroq, ularning 2 yillik muddati tugagach hamma narsa barham topdi, maktab eski holiga tushdi. Shu sababli islohotchi yoshlarga ishonch bildirish faqat foyda keltiradi.
Men Pushkin yoki Hamid Olimjonga oʻxshab ertaklar eshitib katta boʻldim, deya olmayman. Oyim rahmatli bitta ertakni “Yoriltosh”ni bilardilar, xolos. Deyarli har kuni “Yoriltosh” eshitardim. ”Oyi , boshqa ertak aytib bering” desam, ”Bilganim shu, qolganini oʻzing katta boʻlgach oʻqib olasan” derdilar. Oyimning mana shu soʻzlari, toʻgʻrirogʻi menga boʻlgan ishonchlari mening adabiyotga qiziqishimga sabab boʻlgan. Toʻgʻrisi, oyim rahmatli “Nabiram olim boʻlsin” deb niyat qilardilar.
Nokamtarlik boʻlsa ham aytaman, 4-5 sinfda oʻqib yurganimdayoq katta- katta kitoblarni oʻqib chiqqan edim. Kitob oʻqishimga qoʻshnimiz boʻlmish Jamil togʻamlarni uyidagi kitoblar sabab boʻlgan. Ularni uyida koʻp emas atigi bir necha oʻnta kitob bor edi. Qishlogʻimizda har bir xonadon “Sharq yulduzi”, ”Guliston”, “Saodat” va albatta “Mushtum” jurnallarini olardi desam yanglishmagan boʻlardim.
Onamning akasi Rauf togʻam oʻsha vaqtda chiqadigan barcha oʻzbekcha va ruscha gazeta va jurnallarga obuna boʻlgan edi. Oʻsha vaqtlarda Moskva va Toshkentda chop etiladigan barcha gazetalar, “Fan va turmush”, “Nauka i jizn” jurnallari, “Za rubejom” haftaligi bilan aynan togʻamni uyida tanishar edim. Togʻam maktabda geografiya va jamiyatshunoslikdan dars berar hamda eng koʻp oʻqiydigan muallimlardan biri edi. Shuni taʼkidlashni istardimki, ayrim oʻqituvchilar kitob oʻqish u yoqda tursin, kundalik gazetalarni ham oʻqimasdi. Buni tan olish kerak. Togʻam menga oʻz bilimimga yarasha baho qoʻyardi. Keyin maktab kutubxonasiga aʼzo boʻlganman. Har holda men uchun zerikarli boʻlsada u yerdagi kitoblardan bahramand boʻlganman. Qishloq kutubxonasiga aʼzo boʻldim. Kutubxona Nuri xolamni uyi qarshisida bosib-bosib qolay degan binoda joylashgan edi. Keyinchalik kutubxona klubga koʻchdi. Boy boʻlmasa ham kutubxonada ancha-muncha kitob bor edi. Mening ilk tarbiyachilarim kitoblar boʻlgan edi, deb bemalol ayta olaman.
Bir kuni Toshkentga kelganimda Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Besh bolali yigitcha” kitobini olib ketganman. Yozgi taʼtilda ham kulib, ham yigʻlab oʻqib chiqqanman. Sentyabrda adabiyot oʻqituvchimiz bizlarni turgʻizib qanday kitob oʻqiganimizni soʻraganida, men “Besh bolali yigitcha”ni deganimda sinfdoshlarim ham, oʻqituvchimiz ham ustimdan rosa kulishgan edi. Sinfdoshlarim u yoqda tursin, oʻqituvchimiz ham Xudoyberdi Toʻxtaboyevning yangi asarini bilmasligidan koʻnglim koʻtarilgan edi. Aslida bu bizning fojiamiz edi. Sarlavha bilan kitob mazmuni behayo degan xulosaga kelmasligini tushuntirib berishim kerak edi. Biroq oʻshanda meni bunga qurbim yetmagan.
Bir narsani faxr bilan taʼkidlashni istardim. Biz oʻzbekistonlik tengdoshlarimizga nisbatan baxtli edik. Biz paxta chopigʻi, paxta terimiga chiqmasdik. Faqat yozgi taʼtil davrida jamoa xoʻjaligi bogʻiga tushib olma terardik, xolos. U ham boʻlsa majburiy emasdi. Kim xohlasa tushib, xohlamasa tushmasdi. Toʻgʻri 8-9-10 sinf oʻquvchilari paxta yigʻim-terimiga olib ketilardi. Faqat bir marta 2 oy qolib ketdik, qolgan paytlari atigi bir oy paxta terardik.
9-10 sinfni oʻzbek-qozoq aralash maktabida bitirdim. 1981-yil may oyida oʻrta maktabni bitirgandan soʻng sinfdoshlarim qatori Toshkentga keldim. Institutga kira olmaysan, degan gaplarga ishonib tish doʻxtirlikka hujjat topshirdim. Aytganimdek matematika, jumladan kimyoga qiziqmaganim bois tibbiyot texnikumiga kira olmadim. Kira olmaslgim aniq edi. Keyin turbatliklar uchun hamisha eshigi ochiq 84-Hunar Texnika bilim yurtiga kirdim.
Keyinchalik 15 hunar texnika bilim yurti, hozirda Toshkent Qurilish kolleji boʻlgan mazkur oʻquv dargohiga bagʻri keng, hammaga yaxshilik istovchi Ozod aka Akbarov rahbarlik qilardi. Uchilishening avtoslesar guruhini tugatar -tugatmas, 1982-yil may oyida harbiy xizmatga chaqirildim. 2 yil Rossiyaning Uzoq Sharq Harbiy Okrugida Kosmik qoʻshinlarda xizmat qildim. Armiyada ip va igna ushlashni, dazmol qilishni, tufli va etikka poshna qoqishni bilib oldim. 1984-yilda eson-omon qishloqqa qaytib, yana Toshkent shahriga yoʻl oldim. Ustozim– Nuri ammamning oʻgʻli Qudrat akam menga koʻp yaxshiliklar qildi. Qudrat akamning maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashlari bilan Nizomiy nomidagi Pedagogika institutiga hujjat topshirdim va imtiyozli diplom bilan tamomladim.
“Insonlarga faqat yaxshilik qilish kerak”, degan aqidaga amal qilib kelgan va umrini faqat shunga bagʻishlagan rahmatli Ozod Akbarovdan, shuningdek hayotda oʻz oʻrnimni topishimda yoʻlchi yulduz boʻlgan Qudrat Tursunov, Islom Zokirov, Normurod Umarov va boshqa yaxshi insonlardan minnatdorman. Nima boʻlganda ham meni oliy maʼlumot olishimda birinchi navbatda Nuri ammamni xizmati bor deb oʻylayman. Har gal qishloqqa borganimda adam, oyim va boshqa qarindoshlarim mangu qoʻnim topgan qabristonga kirganimda Nuri ammam uchun ham Qurʼon tilovat qilib, yotgan yerlari nurga toʻlishini Allohdan soʻrayman.
Shunday qilib 1984-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutining “Tarix va adabiyot” fakultetining kechki boʻlimining talabasi boʻlib, kunduzi Ozod Akbarov rahbarlik qiladigan 15-Xunar Texnika bilim yurtining yotoqxonasida murabbiy boʻlib ishladim.
Keyin 14-Bilim yurtida tarixdan dars berdim, 34(32)-bilim yurtida esa ishlab chiqarish ustasi, Yoshlar Ittifoqi qoʻmitasi kotibi vazifalarida ishladim. 1989-yilda Toshkent Davlat Tibbiyot instituti Yoshlar Ittifoqi qoʻmitasi kotibining mafkura masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib saylandim. Institut ikkiga boʻlingach esa, men 2-Toshkent Davlat Tibbiyot instituti YOI qoʻmitasi kotibining oʻrinbosari boʻlib ishladi. Shu bilan bir qatorda tarix fanidan dars berdim. Jurnalist boʻlishimda shoira Umida Abduazimovaning xizmatlari katta boʻldi.
Ustozlarimni bayram bilan tabriklayman. Zero, Mir Alisher Navoiy hazratlari quyidagi baytini bejizga aytmaganlar:
Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado haqqin oning yuz ganj ila.
Millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi. Alloh barchalarimizga taʼlim bergan ustozlarimizdan rozi boʻlsin!
Shunday qilib 1984-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika institutining “Tarix va adabiyot” fakultetining kechki boʻlimining talabasi boʻlib, kunduzi Ozod Akbarov rahbarlik qiladigan 15-Xunar Texnika bilim yurtining yotoqxonasida murabbiy boʻlib ishladim.
Keyin 14-Bilim yurtida tarixdan dars berdim, 34(32)-bilim yurtida esa ishlab chiqarish ustasi, Yoshlar Ittifoqi qoʻmitasi kotibi vazifalarida ishladim. 1989-yilda Toshkent Davlat Tibbiyot instituti Yoshlar Ittifoqi qoʻmitasi kotibining mafkura masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib saylandim. Institut ikkiga boʻlingach esa, men 2-Toshkent Davlat Tibbiyot instituti YOI qoʻmitasi kotibining oʻrinbosari boʻlib ishladi. Shu bilan bir qatorda tarix fanidan dars berdim. Jurnalist boʻlishimda shoira Umida Abduazimovaning xizmatlari katta boʻldi.
Ustozlarimni bayram bilan tabriklayman. Zero, Mir Alisher Navoiy hazratlari quyidagi baytini bejizga aytmaganlar:
Haq yoʻlida kim senga bir harf oʻqutmish ranj ila,
Aylamak boʻlmas ado haqqin oning yuz ganj ila.
Millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi. Alloh barchalarimizga taʼlim bergan ustozlarimizdan rozi boʻlsin!