Mehnatidan qadr topib...
Inson mehnati va ezgu ishlari bilan hayotda qadr topadi, obro‘-e’tibor qozonadi. Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi 1-umumta’lim maktabining kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchisi Dilfuza Umarova ana shunday qadr topgan ustozlardan.
Inson mehnati va ezgu ishlari bilan hayotda qadr topadi, obro‘-e’tibor qozonadi. Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi 1-umumta’lim maktabining kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchisi Dilfuza Umarova ana shunday qadr topgan ustozlardan.Bundan 28-yil avval hozirgi Andijon davlat universitetini bitirgan yosh mutaxassis tumandagi 1-umumta’lim maktabida mehnat faoliyatini boshladi. Ustozlari Odinaxon Yunusova, Qo‘shali Shabanovdan kasb sirlarini o‘rgandi, tajriba orttirdi. Darsda har bir o‘quvchini diqqat bilan tinglash, uning qalbiga yo‘l topish muhimligini angladi. Ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida o‘ziga xos tajriba maktabi yaratdi. Ayni paytda 1-umumta’lim maktabi biologiya fani bo‘yicha tumandagi mahorat maktabi sanaladi.
Dilfuza Umarova ish jarayonida noan’anaviy usullar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tishga alohida e’tibor qaratadi, uslubiy tavsiyanomalar ishlab chiqadi. Tuman maktablarida kimyo va biologiya fanlarini o‘qitishda uning ilg‘or ish uslublaridan keng foydalaniladi.
– Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida o‘qituvchining ijtimoiy mavqei yuksaldi, o‘qituvchilik chindan sharafli kasbga aylandi, qadr topdi, – deydi u. – Zamonaviy va ko‘rkam maktablar barpo etilib, ta’lim-tarbiya, o‘qish va o‘qitish tizimi takomillashtirildi. Bu biz, o‘qituvchilarning zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshirdi. Men shu kasbni tanlaganimdan, kelajagi buyuk O‘zbekistonimizga munosib avlodlar tarbiyalash ishiga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.
Ta’lim sohasi fidoyilikni talab etadi. Yurtimizda o‘qituvchi va murabbiylarning mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik bayrami arafasida yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtiroki, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun Dilfuza Umarova ham Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.