Mehnatdan baxt topgan murabbiy
Ustoz – qoʻlimizga qalam tutgan, hayot darsidan saboq bergan mashaqqatli kasb fidoyilaridir.
Ustoz – qoʻlimizga qalam tutgan, hayot darsidan saboq bergan mashaqqatli kasb fidoyilaridir. Ularning zahmatli mehnati oldida doim taʼzimdamiz.
Davlatimiz rahbarining Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh soha fidoyilarini taqdirlash toʻgʻrisidagi farmoniga koʻra, samarqandlik fidoyi oʻqituvchi va murabbiylar ham yuksak mukofotlarga sazovor boʻlishdi. Ular orasida Samarqand agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejining ishlab chiqarish taʼlimi ustasi Farid Temirgaliyev ham bor. Pedagog koʻp yillik samarali mehnati, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishga qoʻshgan hissasi uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Darvoqe, Farid Temirgaliyev qariyb 60 yildirki, bir muassasada yaʼni, Samarqand agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejida mehnat qilib kelmoqda. Yosh avlodga avtomobilsozlik fanidan saboq berib keladi. U kishining oʻziga xos ish uslubi bor. Doim oʻquvchi yoshlarga bir narsani oʻrganmoqchi boʻldingmi, uni chuqur oʻrgan, bilmaganingni soʻrab bil, bu sening keyingi hayotingda asqotadi, deydi. Shu bilan birga ustoz, dars mashgʻulotlarni innovatsion usulda, noanʼanaviy tarzda oʻtishga harakat qiladi. Bu, albatta, oʻquvchini oʻsha darsni chuqur egallashiga yordam beradi. Farid Temirgaliyev bugun taʼlim sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan boshi koʻkka yetadi.
– Prezidentimiz hamma vaqt ilmga katta eʼtibor qaratib, uning natijasini koʻrsatishga harakat qiladi. Albatta, ilm-fan rivoj topgan yurtda taraqqiyot boʻladi, – deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Farid Temirgaliyev. – Mening kamtarona mehnatimni shunday yuqori baholaganidan benihoya minnatdorman. Oldimizda katta vazifalar turibdi. Agar barchamiz bir jon, bir tan boʻlib harakat qilsak, soha rivojiga katta hissa qoʻshamiz. Prezidentimizning niyatlarini birgalikda amalga oshiramiz.
Xushxabarning qanoti bor deyishadi. Farid Temirgaliyevni davlatimizning ushbu yuksak mukofotiga sazovor boʻlganini eshitgan hamkasblari, shogirdlari, oʻzi mehnat qilayotgan taʼlim muassasi jamoasiu kishini qutlash uchun jam boʻlishdi. Barcha ustozni mukofot bilan qutlab, u kishiga ezgu istaklarini bildirishdi.
– Farid Temirgaliyevni Davlat mukofoti bilan taqdirlanganini eshitib barchamiz quvondik. Ustoz toʻgʻrisida juda koʻp gapirish mumkin. Men oʻzim mana 42 yildirki birga ishlayapman. U kishi juda fidoiy va jonkuyar. 60 yildirki bir sohada ishlab kelyapti, – deydi ishlab chiqarish taʼlim ustasi Aliboy Bolqiboyev. – Ustoz doimo izlanishda. Birgalashib kollej bitiruvchilarining malakaviy ishini tadbirkorlikka bagʻishladik. Qoʻllanma yaratdik. Materiallar toʻplab oʻquvchilarga shuni singdirdik. Oʻquvchilar ham mavzularni tadbirkorlik boʻyicha bajarib, koʻpchiligi oʻzining ustaxonalarini ochib, hozirda shu yoʻnalishda xalqimizga xizmat koʻrsatib kelmoqda.
Bugun 17 ta uslubiy koʻrsatma, 6 ta uslubiy qoʻllanma, 20 dan ortiq ilmiy, 7 ta xalqaro maqolalar, 25 ta zamonaviy talablarga mos maʼruza matnlari muallifi boʻlgan Farid Temirgaliyev garchi nafaqada boʻlsada, taʼlim tizimida umumiy samaradorlikni oshirish hamda zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida darsliklar yaratish ustida ish olib bormoqda. U kishining oʻquvchilari bugun turli tanlov va musobaqalarda faol qatnashib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritayotgani quvonaralidir.
Qahramonimiz, “Mehnat shuhrati ” ordeni sohibi Farid Temirgaliyev kollej oʻquvchilarini yetuk mutaxassis boʻlib yetishi uchun oʻz mehnati va bilim, tajribasini ayamaydi. Ayniqsa, u kishining tashabbusi bilan viloyatdagi yirik “SamAvto”, “UZAVTO TRAILER” va “JV MAN AUTO-UZBEKISTAN” kabi avtomobil korxonalari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga quyilib, oʻquvchilar uchun amaliyot xonalari tashkil qilindi. Har yili u kishining shogirdlari ana shu korxonalarga ishga joylashmoqda. Shu bilan birga kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ayniqsa ularni tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida olib borayotgan ishlari tahsinga loyiq.
Bugun sakson yoshni qoralasada, tinmay mehnat qiladigan, qadrdon kollejini, oʻquvchilarini sevib yashaydigan, taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlardan koʻngli osmon qadar yuksalayotgan Xalq taʼlimi va Oʻrta maxsus, Kasb-hunar taʼlimi aʼlochisi va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Farid Temirgaliyevning gʻayrat va shijoati, ustoz-shogird anaʼanalarini davom ettirayotgani, taʼlim sifatini oshirishda tinmay izlanishda ekani har birimiz uchun tom maʼnoda ibrat olsa arzigulikdir.