Mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlar
Buxoro davlat universitetida Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 28 oktyabrda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida” gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mehnatni muhofaza qilish” qonunlari talablari asosida mehnat muhofazasi qonunchiligidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.
– Tadbir universitet rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlarini qonun va mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlar bilan tanishtirish, ularning hayoti va salomatligi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi universitetning Fuqaro va mehnat muhofazasi sektori muhandisi F.Boltayev.

Seminarda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori R.Jumayev qatnashchilar, seminar mavzusi, o‘tkazish asoslari, asosiy maqsadi, tashkilotchilar hamda olib borish tartibi bilan tanishtirdi. Ishtirokchilarning savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.

Universitetda mehnat muhofazasi sohasida olib borilayotgan ishlar, majburiy sug‘urta, ish joylari attestatsiyasi, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘riqnomalar, ish joyida mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish tartiblari, bu yo‘riqnoma o‘tkazish bo‘yicha mas’ul rahbarlar va xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Zarif Komilov, O‘zA